Ftiziatrlar va pulmonologlar anjumani: sil va nafas kasalliklariga innovatsion yechimlar
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, aholi salomatligini muhofaza qilish hamda xavfli kasalliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda.
Xususan, poytaxtimizda O‘zbekiston ftiziatrlari va pulmonologlarining IX anjumani mamlakatimiz tibbiyotining so‘nggi yillarda erishgan yutuqlarini mustahkamlash va sohadagi global yangiliklarni amaliyotga joriy etish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda qator hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan tashkil etilgan anjuman dunyoning yetakchi tibbiyot markazlari va xalqaro tuzilmalarni bir maydonga birlashtirdi. Unda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek, Germaniya, Shveysariya, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston kabi davlatlardan tashrif buyurgan yetakchi mutaxassislar ishtirok etib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqda.

Anjuman davomida sil va nafas a’zolari kasalliklarining oldini olish, ularni erta bosqichlarda aniqlash, samarali nazorat qilish hamda zamonaviy protokollar asosida davolashning eng dolzarb masalalari keng muhokama qilinmoqda.
Xususan, kasalliklarni erta aniqlashda sun’iy intellekt va zamonaviy diagnostika uskunalaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirish, silga qarshi dori vositalarining yangi avlodini qo‘llash hamda respirator tibbiyotda tibbiy reabilitatsiya jarayonlarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu anjuman orqali yurtimizda ftiziatriya va respirator tibbiyot an’analarini zamonaviy innovatsiyalar bilan uyg‘unlashtirish hamda sohani sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan.

E’tirof etilganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda sil kasalligiga qarshi kurashish tizimi tubdan yangilanib, xalqaro standartlarga to‘la javob beradigan epidemiologik nazorat o‘rnatilgani va bemorlarni davolashda sarflanadigan vaqt hamda resurslar optimizatsiya qilingani ham bu boradagi ishlarning mahsulidir.
Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan mazkur anjuman esa milliy tibbiyotimizning jahon miqyosidagi obro‘-e’tiborini yanada oshirishga, shifokorlarimizning ilmiy salohiyatini yuksaltirishga va eng asosiysi, xalqimiz salomatligini muhofaza qilish sifatini yangi darajaga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha qabul qilinadigan tavsiyalar kelgusida amaliy tibbiyotga muvaffaqiyatli joriy etiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA