Reproduktiv salomatlik va oilani rejalashtirish imkoniyatlari kengaymoqda
JSSTning yangi qo‘llanmasida zamonaviy himoya va oilani rejalashtirish vositalarini tanlash imkoniyatlari sezilarli darajada oshirilgani, xususan, ayollar uchun qulay muqobil usullar hamda yaqin kelajakda erkaklar uchun ham yangi mahsulotlar yaratilayotgani ma’lum qilindi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti reproduktiv salomatlikni mustahkamlash va oilani rejalashtirish borasidagi imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida tavsiya etiladigan xavfsiz hamda samarali vositalar ro‘yxatini yangiladi. Bu haqda tashkilotning rasmiy saytida xabar berildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda dunyo bo‘ylab 164 millionga yaqin ayol homiladorlikni vaqtincha to‘xtatib turishni yoki rejalashtirishni istasa-da, turli sabablarga ko‘ra zarur vositalardan foydalanmaydi. Bu esa aholining keng qatlamlariga reproduktiv salomatlik vositalaridan foydalanish imkoniyatini oshirish va ularning turlarini ko‘paytirish naqadar muhimligini ko‘rsatadi.
E’lon qilingan «JSSTning reproduktiv salomatlik va himoya usullari tanlovini kengaytirish bo‘yicha qo‘llanmasi» mamlakatlarga eng ilg‘or ilmiy tadqiqotlarga asoslangan xavfsiz usullarni joriy etishda yaqindan yordam beradi. Bu fuqarolarga o‘z salomatligi va oilani rejalashtirish masalalarida ongli qaror qabul qilish imkonini yaratadi.
M.Qosimova, O‘zA