Fransiya “telefon orqali biznes”ga yirik jarima joriy qildi
Fransiyada 12-avgustdan boshlab kompaniyalar fuqarolarga ularning oldindan roziligisiz reklama yoki savdo taklifi bilan qo‘ng‘iroq qilishi taqiqlanadi. Yangi qonun yillar davomida aholi tomonidan eng ko‘p shikoyat tushgan, ko‘pchilikni bezovta qiluvchi “cold calling - sovuq qo‘ng‘iroq” amaliyotiga chek qo‘yishga qaratilgan. Endi kompaniya iste’molchining aniq roziligini olmagan bo‘lsa, unga telefon orqali tijoriy taklif bilan murojaat qilish huquqiga ega bo‘lmaydi. Ko‘zlangan asosiy maqsad – fuqarolarni noqonuniy savdo va firibgarlik holatidan himoya qilish.
Yangi tartibga ko‘ra, faqat ikki holatdagina qo‘ng‘iroq qilish mumkin: mijoz avvaldan rozilik berganda va qo‘ng‘iroq amaldagi shartnoma bilan bog‘liq bo‘lsa. Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, aholining to‘rtdan uch qismi har hafta kamida bir marta shunday qo‘ng‘iroq qabul qiladi. Ko‘pchilik esa bunday murojaatga deyarli har kuni duch keladi.
Qonun talabini buzganlar uchun jarima belgilangan. Jismoniy shaxs har bir qoidabuzarlik uchun 75 000 yevro, kompaniyalar esa 375 000 yevrogacha to‘lashi mumkin. Shu vaqtgacha mobil raqam orqali qo‘ng‘iroq qilish vaqtiga cheklov kabi qator choralar joriy etilgan, ammo kutilgan natijani bermagan. Yangi qonun deyarli barcha sohalarni qamrab oladi.
Fransiyadagi bu qaror Marokashda ham xavotir uyg‘otdi, chunki mamlakatdagi “call center” xizmati asosiy buyurtmachilari fransuz kompaniyalari hisoblanadi. Rasmiylar fikricha, yangi qonun 50 000 gacha ish o‘rniga ta’sir qilishi mumkin.
Ayni payt Germaniya va Niderlandiyada ham shunga o‘xshash cheklov amal qiladi. AQSH, Kanada va Buyuk Britaniya esa iste’molchilarni keraksiz qo‘ng‘iroqdan himoya qilish uchun maxsus "Do Not Call" tizimidan foydalanadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA