Fransiya tajribasi suv ta’minoti sohasidagi islohotlarga xizmat qiladi
Mamlakatimizda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, oqova suv tizimlarini modernizatsiya qilish va sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish borasida xalqaro hamkorlik izchil rivojlantirilmoqda. Bu yo‘nalishda dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar soha samaradorligini oshirish va xizmatlar sifatini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Fransiyada xizmat safarida bo‘lib turgan “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi birinchi o‘rinbosari Tohir Haydarov boshchiligidagi delegatsiya suv ta’minoti va oqova suv tizimlarini modernizatsiya qilish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda ilg‘or muhandislik yechimlarini o‘rganishga qaratilgan qator uchrashuv va amaliy tashriflarda ishtirok etmoqda.

Safar doirasida delegatsiya a’zolari Fransiyaning “SUEZ” kompaniyasi raqamli texnologiyalar markazida bo‘lib, tashkilot rahbari Samuel Loyson bilan uchrashdi. Muloqot davomida suv xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, raqamlashtirish jarayonlari hamda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama qilindi.
Shuningdek, “Toshkent shahar suv ta’minoti” AJ va “SUEZ” kompaniyasi o‘rtasida amalga oshirilayotgan “Toshkent shahar ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimini transformatsiya qilish” xalqaro loyihasi doirasida aholi iste’molchilari uchun aqlli hisoblagichlarni o‘rnatish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Loyiha rahbari Per Kokaro bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish va qo‘shma loyihalarni izchil davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Safar dasturidan o‘rin olgan yana bir muhim tadbir doirasida delegatsiya Fransiyaning shimolida joylashgan Vilnyov-la-Garenn hududida oqova suv quvurlarini zamonaviy usulda ta’mirlash jarayonlari bilan tanishdi.
Mutaxassislar tomonidan taqdim etilgan texnologiyaga ko‘ra, quvurlarning ichki qismi maxsus qoplama materiallari yordamida qayta tiklanadi. Bunda yer qazish ishlariga ehtiyoj qolmaydi, bu esa aholi uchun noqulayliklarning oldini olish, vaqt va xarajatlarni qisqartirish imkonini beradi.

Ta’kidlash joizki, mazkur tajriba suv ta’minoti va oqova suv infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xizmatlar sifatini oshirish hamda sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish borasidagi ishlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Nilufar Bozorova, O‘zA