Samarqandda g‘alla o‘rim-yig‘imida yuqori natija: reja oldindan bajarildi
Samarqand viloyati Nurobod tumanida 2026-yilgi g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumi yuqori saviyada, uyushqoqlik va katta mas’uliyat bilan davom etmoqda. Tuman dalalarida dehqonlarning fidokorona mehnati, yerga bo‘lgan mehr va zahmatning samarasi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Fermer xo‘jaliklari Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bilan tuzilgan g‘alla topshirish shartnomasini muddatidan oldin bajarishga erishmoqda.
Aynan shu jarayonda tumanda birinchi bo‘lib yuqori natijaga erishgan fermer xo‘jaliklari orasida Said Safarov rahbarligidagi “Ishonch” fermer xo‘jaligi alohida e’tirofga loyiqdir.
Mazkur fermer xo‘jaligi joriy mavsumda 31 gektar g‘alla maydonidan jami 91,3 tonna don topshirish majburiyatini olgan bo‘lsa, amalda 93,2 tonna sifatli don yetkazib berib, shartnomada belgilangan rejani 102 foizga bajarishga muvaffaq bo‘ldi.
Bu muvaffaqiyat, avvalo, dehqonning mashaqqatli mehnati, yerga bo‘lgan sadoqati hamda samarali tashkil etilgan agrotexnik tadbirlarning amaliy natijasidir. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi tizimidagi mas’ul tashkilotlar hamda Agroinspeksiya vakillarining yaqindan ko‘rsatgan ko‘magi ham muhim omillardan biri bo‘ldi.
Nurobodlik fermerlarning fidokorona mehnati yurt ravnaqi va xalqimizning dasturxoni to‘kinligini ta’minlash yo‘lidagi xizmatlari yuksak e’tirofga sazovor. Zero, mehnat qilgan inson aziz, hosil yaratgan dehqon esa xalqning bebaho boyligidir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA