Fransiya politsiyasi norozilikka chiqdi: ular nimani talab qilmoqda? (+video)
Seshanba kuni Fransiyaning yirik shaharlarida politsiya xodimlari namoyishlarda tartibni saqlash uchun emas, aksincha o‘zlari namoyish qilib ko‘chaga chiqdi, deb xabar berdi Euronews.
Parijda bir necha yuz nafar huquq-tartibot xodimlari Yelisey maydonidagi chorrahaga yig‘ildi va keyin Milliy assambleya tomon yo‘l oldi. Norozilik ortida bir necha yildan beri to‘planib kelayotgan talablar turibdi. Kasaba uyushmalari, avvalo, 2019-yildan beri indeksatsiya qilinmagan maxsus «xavf uchun ustama» miqdorini oshirishni talab qilmoqda. Shuningdek, ular ma’muriy, texnik va kriminalistika xodimlari uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishni, karera o‘sishi va shtat masalalari bo‘yicha aniq choralar ko‘rilishini so‘ramoqda. Kasaba uyushmasi hisob-kitoblariga ko‘ra, politsiyaga har yili 300–500 million yevro mablag‘ yetishmaydi.
Biroq noroziliklar faqat maosh masalasi bilan cheklanmaydi. Politsiya bo‘limlarida xodimlarning charchashi va kasbiy tushkunlikka tushishi tobora kuchayib bormoqda. Norozilik aksiyasi kasaba uyushmalari bilan Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida bir necha oydan beri davom etayotgan keskin munosabatlarning davomi bo‘ldi.
Aslida harakat sentabrdan ancha oldin boshlangan. Yoz boshlarida boshlangan norozilikka Kasaba uyushmasi 15-sentabrni safarbarlikning navbatdagi bosqichi deb e’lon qilib, keng ko‘lamli «ijtimoiy kuz» boshlanishidan hukumatni ogohlantirdi.
Kasaba uyushmalari so‘nggi oylarda hukumat qabul qilgan bir qator ommabop bo‘lmagan qarorlarni tanqid qilmoqda. Ular orasida komissarlar maoshini oshirish ham bor. Boshqa toifadagi xodimlar bu qarorni byudjet cheklovlari kuchayib borayotgan bir sharoitda nomutanosib chora sifatida qabul qilmoqda.
Endi Ichki ishlar vazirligi oldidagi asosiy vazifasi norozilikning uzoq davom etadigan mojaroga aylanib ketishining oldini olish. Kasaba uyushmalari 2027-yil byudjeti tayyorlanayotgan bir paytda hukumatdan aniq majburiyatlarni talab qilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Z13MmwIZqzk" title="Fransiya politsiyasi norozilikka chiqdi: ular nimani talab qilmoqda?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K. Bekjonov, A.Axmedov.O‘zA