AQSHning Eron urushiga xarajati 38 milliard dollardan oshdi
AQSHning Eron bilan urushi besh oydan sal ko‘proq vaqt ichida mamlakat byudjetiga 38 milliard dollardan ortiq zarar keltirdi. Kongress Byudjet boshqarmasi hisob-kitobiga ko‘ra, 28-fevraldan 1-avgustgacha Mudofaa vazirligi bilan bog‘liq harbiy xarajat kamida shuncha mablag‘ni tashkil etgan, jang shiddatiga qarab esa har oy yana 3 milliard dollargacha sarflanmoqda. Tashkilot bevosita vazirlikdan ma’lumot olmagani, axborot davlat bazasi va ochiq manbalarga asoslangani sababli raqamlarda “sezilarli noaniqlik” borligini bildirgan.
Mablag‘ning asosiy qismi – 21,7 milliard dollari o‘q-dori zaxirasini to‘ldirishga sarflangan. Shuningdek, byudjet boshqarmasi raketa mudofaasi uchun mo‘ljallangan tutib qoluvchi aslaha zaxirasi jiddiy kamayganidan ogohlantirdi: 2025-yil iyunidan beri AQSHdagi shunday qurolning uchdan ikki qismi ishlatilgan. Paydo bo‘lgan bo‘liqni to‘ldirish bir necha yil talab etadi. Pentagon bosh yo‘riqchisi e’lon qilgan hisobotda ayniqsa “Operation Epic Fury” nomi bilan o‘tkazilgan harbiy amaliyot strategik zaxirada sezilarli tanqislik keltirib chiqarganini qayd etdi.
Urushning ta’siri harbiy byudjet bilan cheklanmayapti: Hurmuz bo‘g‘ozi va Qizil dengiz orqali neft va gaz tashishdagi uzilish AQSHda energiya xarajati ortishiga olib kelgan. Kongress a’zosi Brendan Boyl ortiqcha sarfni tanqid qilib, amerikalik soliq to‘lovchilar zimmasiga o‘nlab milliard dollar yuklanayotganini aytdi. Iyun oyida Oq uy urush ehtiyojining salmoqli qismini qamrab olgan qo‘shimcha 87,6 milliard dollar mablag‘ so‘ragan. Kongress esa hozircha bu so‘rovni ma’qullamagan.
Musulmon Ziyo, O‘zA