Fransiya mudofaa tizimiga yana 100 000 kishini ishga oladi
Fransiya rasmiylari mudofaa sanoati kompaniyalari 2030-yilga kelib taxminan 100 000 kishini ish bilan ta’minlashiga umid qilmoqda, deya xabar tarqatdi “Le Figaro” gazetasi.
Ta’kidlanishicha, mehnat vaziri Jan-Per Farandu davlat bandlik xizmati vazifasini bajaruvchi “France Travail” tashkiloti ko‘magida tegishli bandlikni rivojlantirish rejasini tasdiqladi.
Ushbu tashkilot tarkibida iste’fodagi general boshchiligidagi ishchi guruh tuzildi. Shuningdek, mamlakat rasmiylari soha rivojiga qaratilgan 15 000 o‘quv dasturini ishga tushirish rejasini tuzgan.
Avgust oyi boshida mehnat vaziri yoshlarni ishchi kuchi bozoriga integratsiya qilish hukumat oldidagi ustuvor vazifa, degan edi. Qolaversa, tajribali mutaxassislar ko‘nikmasini bozor talabi, xususan yadro energetikasi, ekologik o‘tish va mudofaa sanoati sohalariga moslashtirish orqali ish o‘rinlarini saqlab qolish muhimligiga urg‘u bergan.
S.Rahimov, O‘zA