“Fitch” va “Moodyʼs” agentliklari mamlakatimiz suveren kredit reytingini yaxshiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazmda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazmoqda.
Jahondagi vaziyat qanchalik murakkab bo‘lmasin, o‘tgan yarim yillikda O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sdi. “Fitch” va “Moodyʼs” agentliklari mamlakatimiz suveren kredit reytingini bir pog‘ona yaxshiladi.
Jahon bankining investitsiya va ishbilarmonlik muhiti bo‘yicha hisobotida O‘zbekiston 31-o‘rinni egalladi. Davlatimiz rahbari bu natijalar, avvalo, tadbirkorlar bilan yelkama-yelka amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ekanini ta’kidladi.
Joriy yil kooperatsiya, davlat xaridi, standart, oziq-ovqat xavfsizligi va urbanizatsiya sohalarida institutsional o‘zgarishlar amalga oshirildi. “Milliy sanoat zanjiri” orqali xususiy korxonalar yirik davlat kompaniyalaridan 4 trillion so‘mlik buyurtmalar oldi.
Strategik korxonalar mahalliylashtirish uchun 650 dan ziyod yangi mahsulot ro‘yxatini e’lon qildi. Bu tadbirkorlar uchun qo‘shimcha 1 milliard dollarlik bozor yaratdi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tish chegarasi 1 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mga oshirildi. Kafe va restoranlarga 100 milliard so‘m QQS “keshbek” sifatida qaytarildi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga “nol” stavka joriy qilinishi hisobiga 400 milliard so‘m fermerlarda qoldi.
Qozog‘istonda 11 turdagi qurilish materiallari importiga cheklov bekor qilindi, Turkmaniston bilan o‘zaro bojsiz savdo rejimi yo‘lga qo‘yildi. Iordaniya, Pokiston, Eron va Afg‘oniston bilan yuzlab mahsulotlar bo‘yicha imtiyozli savdo bitimlari tuzildi.
O‘zA