Radioaktiv chiqindilarning miqdori, joylashgan joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tizimlashtiriladi
Mamlakatimizda yadroviy tadqiqot reaktori mavjud bo‘lib, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish ko‘zda tutilmoqda. Bu esa radioaktiv chiqindilar muomalasini huquqiy tartibga solishni talab etadi. Umuman, bugun sanoat, tibbiyot, fan va boshqa tarmoqlar faoliyati natijasida hosil bo‘ladigan radioaktiv chiqindilarni tashish, saqlash, qayta ishlash va ko‘mish jarayonlari yagona huquqiy hujjat asosida tartibga solishni taqozo etmoqda.
Shu maqsadda Prezidentimizning tegishli farmoni asosida ishlab chiqilgan “Radioaktiv chiqindilar bilan muomalada bo‘lish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan radioaktiv chiqindilar bilan muomalada bo‘lishning barcha bosqichlarida xavfsizlikni ta’minlash, aholi hayoti va sog‘lig‘ini, mol-mulkini hamda atrof-muhitni ularning zararli ta’siridan himoya qilishning aniq mexanizmlari belgilanmoqda.
Loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida muhokama qilindi. Qayd etilganidek, uni tayyorlashda sohaga oid xalqaro hujjatlar talablari hamda xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganildi.
Hujjatga ko‘ra, mamlakat hududidagi barcha radioaktiv chiqindilar majburiy davlat hisobidan va nazoratidan o‘tkaziladi. Radioaktiv chiqindilarning yo‘qolishi, ruxsatsiz ishlatilishi yoki talon-toroj qilinishi kabi xavflarning oldini olish maqsadida radioaktiv chiqindilar davlat reyestri yuritiladi. Bunda ularning miqdori, joylashgan joyi va harakati to‘g‘risidagi ma’lumotlar tizimlashtiriladi.
Ta’kidlanganidek, radioaktiv chiqindilar saqlanadigan va ko‘miladigan ob’ektlarni joylashtirish, loyihalash, qurish, ekspluatatsiya qilish hamda foydalanishdan chiqarishga nisbatan qat’iy xavfsizlik talablari belgilanmoqda. Hujjatda radioaktiv chiqindilarni hosil qilgan yoki ularning egasi bo‘lgan sub’ekt tomonidan ular bilan xavfsiz muomalada bo‘lish bilan bog‘liq xarajatlar qoplanishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, radioaktiv chiqindilarni qayta ishlash, tashish, saqlash, zararsizlantirish va ko‘mish ishlarini amalga oshiruvchi milliy operator faoliyatining huquqiy asoslari ham belgilanyapti.
Loyihaning qabul qilinishi radioaktiv chiqindilar muomalasida davlat nazoratini takomillashtirish, insonlar hayoti va sog‘lig‘ini, mol-mulkini hamda atrof-muhit muhofazasini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA