Finlyandiya bilan raqamli hukumat sohasida hamkorlik muhokama qilindi
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Finlyandiya Respublikasiga amalga oshirayotgan xizmat safari doirasida qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Jumladan, vazir Finlyandiyaning Davlat boshqaruvi instituti direktori Kyuosti Vyakevyaynen hamda Raqamli va aholi ma’lumotlari agentligi direktori Mikko Mattenen bilan muzokaralar olib bordi.


Uchrashuvlar davomida davlat xizmatlari samaradorligi va shaffofligini oshirish, raqamli hukumat tizimini rivojlantirish, davlat boshqaruviga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda ilg‘or fin tajribasini O‘zbekistonda tatbiq qilish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar 2025-yil 29-oktabr — 1-noyabr kunlari Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubbning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va Finlyandiyaning Davlat boshqaruvi instituti (HAUS) o‘rtasidagi Anglashuv memorandumi”ning amaliy ijrosiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, o‘zaro tajriba almashish, mutaxassislar malakasini oshirish, yosh kadrlar salohiyatini rivojlantirish hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Nigora Rahmonova, O‘zA