Fermerlarga kerakli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi
Namangan viloyati bobodehqonlari uchun joriy yildagi g‘alla hosili har qachongidan barakali bo‘lib, aksariyat tumanlarda ilg‘or fermer xo‘jaliklari tomonidan yuqori samaradorlikka erishildi.
Chortoq tumanidagi "Hazrati Zang" fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan amaliy seminar 2027-yil hosili uchun g‘alla ekish mavsumini belgilangan agrotexnik talablar asosida, sifatli va ko‘tarinki ruhda uyushtirishga bag‘ishlandi.
Dala shiyponida kechgan tadbirda tuman hokimligi, viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, o‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Namangan viloyati boshqarmasi, "Urug‘chilikni rivojlantirish markazi" davlat muassasasi viloyat boshqarmasi hamda sohaga daxldor tashkilotlar mas’ullari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etishdi.

Seminarda yangi mavsum hosili uchun g‘alla ekish mavsumini har tomonlama puxta tashkillash, yer maydonlarini ekishga sifatli tayyorlash, urug‘liklarni saralash va dorilash, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy qilish, ekish muddatlari va me’yorlariga qat’iy amal qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Qolaversa, g‘alla ekishda zamonaviy va yuqori unumdor seyalkalardan samarali foydalanish, urug‘ni belgilangan chuqurlik va me’yorda bir tekis joylashtirish, texnika vositalarining imkoniyatlaridan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘rgazmalar namoyish qilindi.

Mutaxassislar tomonidan g‘alladan yuqori va sifatli hosil olish, avvalo, ekish ishlarini o‘z vaqtida va agrotexnik talablarga to‘liq amal qilgan holda tashkil etishga bog‘liq ekani ta’kidlandi.
Amaliy seminar davomida fermer xo‘jaliklari rahbarlariga yerni tayyorlashdan tortib, urug‘ tanlash, ekish va keyingi parvarish ishlarigacha bo‘lgan muhim jarayonlar yuzasidan zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.