Fermerlar uchun yangi moliyaviy imkoniyatlar
Chorvachilik sohasida zamonaviy moliyaviy mexanizmlardan samarali foydalanish, investitsiyaviy faollikni oshirish hamda fermerlarning loyihaviy salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan amaliy seminarlar hududlarda izchil davom etmoqda.
Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) ko‘magida amalga oshirilayotgan “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida Jizzax viloyatida navbatdagi hududiy seminar tashkil etildi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad chorvachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan fermer va tadbirkorlarni imtiyozli moliyalashtirish imkoniyatlari, grant mablag‘larini jalb etish tartibi hamda loyihalarni sifatli tayyorlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar bilan ta’minlashdan iborat bo‘ldi.

Seminar davomida ishtirokchilar imtiyozli kredit va grantlarni jalb qilish mexanizmlari, moliyalashtirish jarayonining asosiy bosqichlari, shuningdek, arizalarni tayyorlashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan talablar yuzasidan atroflicha ma’lumot oldi. Mutaxassislar tomonidan hujjatlarni rasmiylashtirish, biznes-rejalarni tayyorlash va moliyaviy asoslangan loyihalarni shakllantirish bo‘yicha amaliy tushuntirishlar berildi.
Tadbirning yana bir muhim jihati shundaki, loyiha doirasida o‘z tashabbuslarini muvaffaqiyatli amalga oshirgan fermerlarning amaliy tajribasi muhokama qilindi. Ishtirokchilar investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish jarayonida uchragan qiyinchiliklar, ularni bartaraf etishda qo‘llangan yondashuvlar hamda erishilgan natijalar yuzasidan fikr almashdilar.

Shuningdek, fermerlar o‘z biznes g‘oyalari va loyihalarini banklar mutaxassislariga taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ekspertlar har bir loyihani atroflicha ko‘rib chiqib, uning iqtisodiy samaradorligini oshirish, moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va taqdimot sifatini yaxshilash yuzasidan amaliy tavsiyalar berdi.
Bunday muloqot shakli ishtirokchilarga nafaqat o‘z loyihalarini yanada takomillashtirish, balki moliya institutlari bilan samarali hamkorlik qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash imkonini ham yaratdi.

Ma’lumki, chorvachilik tarmog‘ini barqaror rivojlantirishda moliyaviy resurslarga keng yo‘l ochish, investitsiyalarni jalb etish va ilg‘or boshqaruv yondashuvlarini joriy etish muhim ahamiyatga ega. Shu bois sohada amalga oshirilayotgan xalqaro hamkorlik loyihalari fermerlarning bilim va malakasini oshirish, zamonaviy moliyalashtirish vositalaridan samarali foydalanish hamda hududlarda raqobatbardosh chorvachilik xo‘jaliklarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Ta’kidlanganidek, mazkur seminar fermerlar, bank sektori va sohaviy tashkilotlar o‘rtasida amaliy tajriba almashish, o‘zaro ishonchli hamkorlikni mustahkamlash hamda istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun samarali muloqot maydoni vazifasini o‘tadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri