3-GMZda yangi suv sovitish minorasi ishga tushdi
Davlatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli 3-Gidrometallurgiya zavodida ishlab chiqarish jarayonlarining samaradorligini oshirishga qaratilgan navbatdagi muhim loyiha amalga oshirildi.
Korxonada sulfidli flotatsion konsentratlarni biooksidlash texnologiyasida foydalaniladigan bioreaktorlar uchun mo‘ljallangan yangi suv sovitish minorasi ishga tushirildi.
Bugungi kunda zavodning biooksidlash majmuasida 60 ta bioreaktorni o‘z ichiga olgan 10 ta modul faoliyat yuritmoqda. Ushbu bioreaktorlarda sulfidli flotatsion konsentratlarni qayta ishlash jarayoni maxsus mikroorganizmlar ishtirokida amalga oshiriladi.
– Biooksidlash jarayoni maxsus mikroorganizmlar ishtirokida kechadi va ularning samarali faoliyati ma’lum harorat – 40-44°S oralig‘ida ta’minlanadi, – deydi zavod direktori Bekzod Husanov. – Bioreaktorlarda haroratning me’yordan oshib ketishi mikroorganizmlar faolligining pasayishiga, bu esa texnologik ko‘rsatkichlarning yomonlashishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ushbu holatlarning oldini olish maqsadida yangi va zamonaviy 3 seksiyadan iborat bo‘lgan suv sovitish minorasining qurilish va montaj ishlari yakunlanib, minora foydalanishga topshirildi. Ushbu yangi suv sovitish minorasi tashqi havo harorati 40°C va undan yuqori bo‘lgan yoz oylarida bioreaktorlardagi texnologik haroratni me’yoriy darajada ushlab turishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib, biooksidlash jarayonining uzluksiz va samarali kechishini ta’minlaydi.

Yangi suv sovitish minorasining ishga tushirilishi natijasida bioreaktorlardagi ishchi muhit haroratini barqaror darajada ushlab turish imkoniyati yaratildi. Sovitish tizimi orqali aylanma suvning harorati pasaytirilib, biooksidlash jarayoni uchun zarur bo‘lgan optimal sharoitlar ta’minlanmoqda.
Mazkur qurilma nafaqat bioreaktorlardagi haroratni me’yorda ushlab turish, balki biooksidlash jarayoni samaradorligini oshirish va oltin ajratib olish darajasini barqaror ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, loyihaga kiritilgan investitsiyalar hajmi 60 milliard so‘m atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri