Fermer va tadbirkorlarga Prezident qarorlari mazmuni yuzasidan tushuntirish berildi
Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamkorligida Amudaryo tumanida davlatimiz rahbarining sohaga oid qaror va farmonlari mazmun-mohiyati hamda ularda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Davlat tashkilotlari mas’ullari, chorvachilik va parrandachilik sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, fermerlar, klasterlar va soha mutaxassislari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz qarorlarida belgilangan yangi imkoniyatlar, davlat tomonidan yaratilgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qarorlar chorvachilik va parrandachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Seminar davomida ishtirokchilarga qo‘llab-quvvatlash choralari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Jumladan, imtiyozli kreditlar va uzoq muddatli moliyalashtirish imkoniyatlari, kredit foizlarining bir qismini davlat tomonidan kompensatsiya qilish tartibi, chorva va parrandachilik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, ozuqa bazasini mustahkamlash, omuxta yem ishlab chiqarishni kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlar hamda sohada yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha berilayotgan imtiyozlar xususida ma’ruzalar qilindi.

Tadbir ishtirokchilari Prezidentimiz qarorlari orqali yaratilgan imtiyozlar va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldi.
Ayniqsa, parrandachilik va chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarda yangi loyihalarni amalga oshirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va davlat tomonidan taqdim etilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha katta qiziqish uyg‘ondi.
Seminar yakunida qarorlarda belgilangan vazifalarni joylarda samarali amalga oshirish, soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash hamda chorvachilik va parrandachilik tarmog‘ini barqaror rivojlantirish yuzasidan o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA