Federal yulduzlarni ortda qoldirgan albomdan “Ovoz”dagi g‘alabagacha – Saida Muxametzyanova bilan suhbat
Saida Muxametzyanova – Tatariston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist. E’tiborlisi, u yosh bo‘lishiga qaramay, yangi ijodiy izlanishlar qilishdan va an’anaviy qoliplardan chiqishdan qo‘rqmaydi. O‘zAga bergan intervyusida u xalq qo‘shiqlaridan iborat albomi qanday qilib federal darajadagi yulduzlarni ortda qoldirib, yuqori darajaga chiqqani, O‘zbekistondagi “Ovoz” musiqiy loyihasida ishtirok etishi uning taqdirida muhim burilish nuqtasi bo‘lgani hamda o‘zbek tilidagi qo‘shig‘i qanday qilib “Apple Music” platformasida ommalashgani haqida so‘zlab berdi.
– Siz bir necha bor asosiy maqsadim – tatar qo‘shig‘i va madaniyatini dunyo bo‘ylab keng targ‘ib qilish, deb aytgansiz. Aytingchi, hozir bu borada nimalarga erishyapsiz?
– Avvalo, men muxlislarimga tatar xalq qo‘shiqlaridan iborat ikkinchi albomni yakunlashga va’da berganman. Shuning uchun bu yil o‘z oldimga uni albatta tugallab, barcha musiqa platformalariga joylashtirishni maqsad qilib qo‘ydim.

Birinchi albomimiz taxminan uch yil avval chiqdi. Uni mashhur qo‘shiqlarimdan biri sharafiga “Daryo bo‘ylab” deb ataganmiz. Albomga o‘nta tatar xalq qo‘shig‘i kiritilgan.
Hayratlanarlisi shundaki, albom chiqqandan bir necha kun o‘tib, Rossiyaning eng mashhur musiqa chartlariga kirdi. U yerda bir hafta davomida federal darajadagi mashhur ijrochilarni ortda qoldirib, hatto beshinchi o‘ringacha ko‘tarildi va ma’lum vaqt shu o‘rnini saqlab turdi. Bu holat xalq ijodiga bo‘lgan qiziqish hamon yuqori ekanini isbotlaydi. Men bundan juda xursandman.
Ta’kidlashim kerakki, biz o‘z ildizlarimizni unutmasligimiz kerak. Ana shu ildizlar bilan bog‘liqlikni aynan xalq ijodi saqlab turadi. Bu oddiy, uchta notaga qurilgan qo‘shiqlar emas, balki chuqur ma’noni o‘zida mujassam etgan asarlardir. Ayrimlar zamonaviy tinglovchiga faqat sodda musiqa kerak, deb hisoblaydi. Men esa bu fikrga qo‘shilmayman.
Hozir mintaqadagi ko‘plab san’atkorlar besh qo‘shiqlik mini-albomlar chiqaryapti, ammo biz an’anaviy formatga sodiq qolishni ma’qul ko‘rdik. Yangi albomdan keng jamoatchilikka deyarli ma’lum bo‘lmagan, topish juda qiyin bo‘lgan noyob tatar xalq qo‘shiqlari o‘rin oladi. Asosiy maqsadim – ana shu bebaho musiqiy merosni global darajada ommalashtirish.

– Bugungi tezkor davrda ona tilini asrab qolish masalasi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib turibdi. Ayrimlar zamonaviylikka intilish bahonasida nutqida xorijiy tillardan foydalanishni odat qilib olgan. Afsuski, bunday holat ayrim tatar san’atkorlari orasida ham uchraydi. Sizningcha, globallashuv sharoitida har bir xalq o‘z milliy tilini qanday saqlab qolishi mumkin?
– Bilasizmi, men chet el safarlarida tez-tez bo‘lib turaman. O‘tgan yili yurtingizdagi “Ovoz” musiqiy loyihasida qatnashdim. Shuningdek, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda ham bo‘ldim.
Shu narsaga e’tibor qaratdimki, Markaziy Osiyodagi mamlakatlar o‘z ona tilini rivojlantirish va targ‘ib qilish borasida haqiqatan ham tahsinga loyiq ishlarni amalga oshiryapti. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: nega ular buning uddasidan chiqyapti-yu, biz esa chiqa olmayapmiz?
Bu davlatlarda ko‘chaga chiqqaningizda barcha bannerlar, reklamalar, do‘kon yozuvlari va yo‘l ko‘rsatkichlari davlat tilida yozilganini ko‘rasiz. Televideniye ham asosan milliy tilda efirga chiqadi. Ular o‘z madaniyatini faol targ‘ib qiladi, xalq esa o‘z millati uchun chin dildan qayg‘uradi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham milliy tilda trendlar yaratiladi, kiyinish madaniyatida milliy uslublar keng qo‘llaniladi.
O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘istonda ham turli janrlarda – hatto trillerlargacha milliy tilda filmlar suratga olinadi. Eng qizig‘i, Qirg‘izistonda tomoshabinlar mahalliy filmlarni xorij filmlariga qaraganda ko‘proq ko‘rishadi. Demak, milliy mahsulotni eng avvalo xalqning o‘zi qo‘llab-quvvatlayapti.

Men Tataristonda ham odamlar ona tilidagi loyihalarni shunday faol qo‘llab-quvvatlashini juda istardim.
– O‘zbekistondagi “Ovoz” musiqiy loyihasida ishtirok etganingizni aytdingiz. Bu tajriba sizga nima berdi? Xorijiy loyihada qatnashish jarayonida qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz?
– Bu tanlov haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali bilganman. Onam reklamaga ko‘zi tushib, ariza yuborishimni maslahat bergandi. Men ham “Nega qatnashib ko‘rmaslik kerak?” deb qaror qildim.
E’tiborlisi, tashkilotchilar men bilan bog‘lanib, tatar tilida ham biror qo‘shiq ijro qilishimni so‘rashdi. Bu mening xohishim bilan ham mos tushdi.
Birinchi qiyinchiliklar shu paytdan boshlandi. Men shouning eng oxirgi kunida sahnaga chiqishim kerak edi. Bu vaqtga kelib murabbiylar jamoalari deyarli shakllanib bo‘lgandi. Men O‘zbekistonga tonggi soat 4 da yetib keldim. Bor-yo‘g‘i 3 soat uxlashga ulgurdim, chunki soat 11 da suratga olish maydonida bo‘lishim kerak edi.
Tanlovga yolg‘iz keldim. Yaqinlarimdan hech kim yonimda emasdi. Loyihada stilistlar ishladi. Ular meni suratga olishga tayyorlashdi: grim qilishdi, sochimni katta o‘rim qilib turmaklashdi.

Sahnaga chiqish uchun eng oddiy qizil ko‘ylagimni olib kelgandim. Ammo uni milliy bezaklar – izu (ko‘krak taqinchog‘i) va qalpoq bilan bezatdim. O‘zbek tomoshabinlari uchun “Guljamal” qo‘shig‘ini tanladim. Bu eng murakkab, ovoz diapazoni keng va kuchli asarlardan biri. Har kim ham bu qo‘shiqni ijro eta olmaydi. Shuning uchun tanlovga borsam, albatta uni kuylayman, deb o‘zimga va’da bergandim.
Ishonasizmi, men umuman repetitsiyasiz chiqish qildim. Faqat sahnaga chiqishdan oldin mikrofonni sozladim xolos. Sahnaga chiqishimdan oldin hakamlarda bo‘sh joy bor-yo‘qligini surishtirdim.
Mening asosiy maqsadim xonanda Sevara Nazarxon jamoasiga tushish edi. Agar u hakamlar hay’atida bo‘lmaganida ehtimol, O‘zbekistonga kelmagan bo‘larmidim balki.
– Nega aynan Sevara Nazarxon?
– Uning ijodiga muxlisman. Menga uning san’atga bo‘lgan yondashuvi va har bir qo‘shiqni muxlisga his bilan yetkazishi juda yoqadi. Qo‘shiqlarining deyarli barchasida saund-prodyuser sifatida ham o‘zi ishlaydi. Eng muhimi, u improvizatsiyani juda yaxshi qiladi. Bu esa mening nisbatan kuchsiz tomonim. Men ham improvizatsiya qila olaman, ammo Sevara opadek yuqori darajada emas.

O‘shanda menga Farrux Zokirovda uchta, Sevara Nazarxonda ikkita bo‘sh o‘rin qolgani, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov jamoasi esa allaqachon to‘lganini aytishdi. Shuning uchun imkoniyatlarim kam deb o‘ylab, xafa bo‘ldim.
Oxirgi ishtirokchilar qatorida sahnaga chiqdim. Bu vaqtga kelib Sevara opaning ham o‘rinlari to‘lib qolishidan qattiq xavotirda edim. Ammo xavotirim behuda ekan. Deyarli darhol to‘rtta hakam ham menga yuzlandi. Birinchi bo‘lib aynan Sevara Nazarxon burildi.
Qo‘shiq aytar ekanman, ich-ichimdan beqiyos quvonchni his qildim. Shunda bir narsani payqaganman: agar inson maqsadini aniq belgilasa, u albatta ro‘yobga chiqar ekan.
Keyinchalik hamma mendan “Nega O‘zbekiston madaniyat vazirini tanlamadingiz?”, deb so‘radi. Ko‘pchilik bu Tatariston va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy aloqalar uchun yaxshi imkoniyat, deb hisoblardi. Ammo birinchidan, uning jamoasida bo‘sh joy qolmagan edi. Ikkinchidan, men O‘zbekistonga aynan Sevara Nazarxon bilan ishlash maqsadida kelgandim.
U bilan ishlash oson bo‘lmaganini ham aytishim kerak. U juda talabchan ustoz. Har bir uchrashuv haqiqiy intellektual muhokamaga aylanardi. U barcha ishtirokchilarni mustaqil fikrlashga, yangi yechimlar izlashga, improvizatsiya qilishga va qo‘shiqni mutlaqo yangi qirradan namoyon etishga undardi.

Men unga qancha ovozli xabarlar yuborganimni tasavvur ham qila olmaysiz. U esa har safar “bu variant mos kelmaydi”, “juda oddiy”, deb javob qaytarardi. Uning eng sevimli iborasi - “improvizatsiya qil!” edi.
Har bir ishtirokchiga u bir yarim soatgacha vaqt ajratardi. Bu men uchun juda katta ijodiy maktab bo‘ldi. Loyihada ishtirok etishim keyingi faoliyatimda katta yordam berdi.
– Nima deb o‘ylaysiz, o‘zbek va tatar xalqlari san’atining o‘xshashlik jihati bormi? Bizning ijrochilardan kimlarni sevib tinglaysiz?
– E’tiborli jihati, bizning nafaqat madaniyatimiz, balki tilimiz ham bir-biriga juda o‘xshash. Yuz foiz emas, albatta. Qolaversa, sizlarda o‘z milliy maqom ashulalaringiz bor, bizda ham o‘zimizning xalq qo‘shiqlarimiz bor va ular ijro jihatidan bir-biriga o‘xshash demagan bo‘lardim-u, lekin ruhi, mazmun-mohiyati va xalqning qalb kechinmalarini ifoda etishi nuqtai nazaridan bir-biriga yaqin. Shu bois ikki xalqning san’ati va madaniyati o‘rtasidagi mushtaraklikni his qilish qiyin emas.
Bilasizmi, men O‘zbekistonga kelishimdan oldin maqom borligini bilmasdim. Lekin uni eshitganimda hatto “Ovoz” loyihasida maqom ijro etmoqchi bo‘ldim. Ammo endi bu janrga qiziqa boshlaganimda menga ikki yoki uchta darsning o‘zi yetarli emasligini tushunib yetdim.

Eng sevimli qo‘shig‘im Kumush Razzoqova ijrosidagi “Unutma meni” bo‘lsa kerak. Shuningdek, Ravshan Namozovning “Xayol” qo‘shig‘i ham juda yoqadi. Ozodbek Nazarbekov ijrolarini ham tinglab turaman. Bir kun kelib uning repertuaridan biror qo‘shiqni ijro etishni istayman. Chunki uning qo‘shiqlarida milliy ruh, samimiyat va chuqur ma’no mujassam.
Umuman, o‘zbek musiqasi men uchun juda yaqin. Har safar mamlakatingizga kelganimda bu yerdagi tomoshabinlarning san’atga bo‘lgan hurmatini his qilaman. Shu bois kelajakda o‘zbek san’atkorlari bilan hamkorlik qilish, duetlar kuylash va yangi ijodiy loyihalarni amalga oshirish niyatim bor.
Ikki xalqni musiqa yanada yaqinlashtirishiga ishonaman va bu yo‘lda o‘z hissamni qo‘shishdan mamnun bo‘lardim. O‘ylaymanki, bunday hamkorliklar nafaqat san’atkorlar, balki xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini ham yanada mustahkamlaydi.
– Siz nafaqat xonanda, balki teatr va kino aktrisasi, shuningdek, mashhur bloger hamsiz. Muxlislar siz haqingizda yana nimalarni bilmaydi?
– Men Qozon shahar filarmoniyasida yakkaxon xonanda sifatida faoliyat yuritaman. Bizda ko‘plab ijodiy loyihalar amalga oshiriladi, jumladan, spektakllar ham sahnalashtiriladi. Masalan, “Ko‘k ro‘mol” spektaklida Maysara ismli qahramon rolini ijro etaman.

Bundan tashqari, ko‘pchilik meni kino aktrisasi sifatida ham taniydi. Taqdir taqozosi bilan yozuvchi va xonanda Zulfat Hakim bilan juda yaxshi munosabatlar o‘rnatganmiz. U kishi menga nafaqat ijod, balki hayot bo‘yicha ham qimmatli maslahatlar beradi.
Rossiya Madaniyat vazirligi buyurtmasi bilan “Soqov kakku” filmi suratga olinishi ma’lum bo‘lgach, Zulfat Hakim menga qo‘ng‘iroq qilib, bosh qahramon Kashifa roli uchun kastingda qatnashishimni so‘radi.
Ularga yaxshi aktyorlik qilish bilan birga yaxshi qo‘shiq ham ayta oladigan ijrochi kerak edi. Kastingni Moskvadan kelgan prodyuser o‘tkazdi. Filmdagi voqealar Ikkinchi jahon urushi davrida kechadi. Avvaliga men teatr aktrisasiga xos uslubda o‘ynadim.
Shunda rejissyor “Endi teatrdagidek emas, hayotdagidek, o‘zing qanday bo‘lsang, shunday o‘ynab ber”, dedi.
Shundan keyin tabiiyroq ijro qildim va ashula ham aytdim. Keyin yana bir nechta sinovlar bo‘ldi. Kashifaning onasi va boshqa qahramonlar bilan ham sahnalar tekshirildi. Oxirida bu rol menga munosib ekanligini aytishdi. Shu tariqa kino olamiga kirib keldim.
Hozirgi paytda ijtimoiy tarmoqlarimni ham faol rivojlantirishga harakat qilyapman. Zamonaviy dunyoda inson o‘zini internetda ham to‘g‘ri tanita bilishi, ijodiy rejalari va loyihalari haqida gapira olishi kerak.

– San’at etagini tutgan o‘zingiz kabi yoshlarga qanday maslahatlar berasiz, ya’ni, ular xalqaro arenalarga chiqishi uchun ishni nimadan boshlashi kerak, deb hisoblaysiz?
– Eng asosiysi, xalqaro sahnalarga chiqish uchun juda katta xohish va maqsad kerak. Men ularga aynan yuksak maqsadlar qo‘yishni maslahat bergan bo‘lardim. Yana aytishim kerakki, sizlarning musiqiy loyihangizda ishtirok etganimda, asosiy maqsadim o‘z ona tilimda kuylash edi. Shu sababli, agar O‘zbekistonda yosh ijrochilar xalqaro sahnalarga chiqishni xohlasalar, ular qaysi davlatda ishtirok etishlaridan qat’i nazar, doim o‘z ona tillarida kuylashni maslahat berardim. Bu ancha yordam beradi.
Chunki har bir san’atkorning o‘ziga xosligi, avvalo, uning madaniyati, tili va milliy uslubida namoyon bo‘ladi. Xalqaro tinglovchilar ham aynan shu o‘ziga xoslikni qadrlaydilar. Shu bilan birga, doimiy mehnat qilish, vokal yoki ijrochilik mahoratini muntazam rivojlantirish, zamonaviy tendensiyalarni o‘rganish va sahna madaniyati ustida ishlash ham juda muhim.
Xorijiy tillarni bilish, turli xalqaro tanlov va festivallarda ishtirok etish ham katta tajriba beradi. Eng muhimi esa, o‘zingizga ishoning va orzu qilgan maqsadingizdan hech qachon voz kechmang.
O‘tkir ALIMOV suhbatlashdi.
O‘zA