Faxriy dzyudochilar Lissabonda bellashadi
Ertaga Portugaliya poytaxti Lissabonda dzyudo bo‘yicha faxriylar o‘rtasidagi navbatdagi 12- jahon chempionati boshlanadi.
30 yoshdan yuqori bo‘lganlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan ushbu musobaqada O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisining o‘rinbosari Bekzod To‘raboyev boshchiligidagi faxriy sportchilarimiz Farruh Boboyev, Jahongir Eshmanov, Jamshid Fayziyev, Muxtorxo‘ja To‘layev Lissabon tatamilarida g‘oliblik uchun kurash olib borishadi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati.
Dunyoning 40 ga yaqin davlatidan 350 nafardan ziyod faxriy dzyudochi qatnashadigan musobaqalarda xizmat qiladigan hakamlar ro‘yxatida o‘zbekistonlik xalqaro toifadagi hakam Ramziddin Saidov qayd etilgan.
E’tiborlisi, Tokio olimpiadasidagi dzyudo bahslarini boshqarib borgan Saidov joriy yilning 17 oktyabrida Parijda yakunlangan "Katta Dubulg‘a" turkumiga kiruvchi xalqaro turnir bahslarida hakamlik qilgan edi. Endi hamyurtimiz Portugaliya tatamilarida o‘zbekning adolatini tantana etadi.
Eslatib o‘tamiz, faxriylar o‘rtasidagi 11-jahon chempionati 2019 yili Marokashda o‘tkazilgan edi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA