Fatma Rembo: Dunyoda yoshlarning siyosiy jarayonlarda ishtirok etishi uchun imkoniyat va resurslar yetarli emas
Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasida ishtirok etgan Tanzaniya parlamenti a’zosi Fatma Rembo quyidagi fikrlarni bildirdi:
– Yosh parlament a’zolari bugungi kunda inson huquqlari, siyosiy bosim, jinsiy zo‘ravonlik kabi muammolarga duch kelmoqda.
Yana bir muhim masala – dunyoda yoshlarning siyosiy jarayonlarda ishtirok etishi uchun imkoniyat va resurslarning yetarli emasligi. Bugun dunyo parlamentlariga nazar tashlasak, 40 yoshgacha bo‘lgan parlament a’zolari soni juda kam ekanini ko‘ramiz. Buning sabablaridan biri – yoshlarning saylovlarda ishtirok etishi va parlamentga kirishi uchun zarur imkoniyatlar yetishmasligi.
Bundan tashqari, yoshlarga qarorlar qabul qilinadigan maydonlarda ham yetarlicha o‘rin berilmayapti. Bu esa ularning siyosatda faol bo‘lishi va dadil qadam tashlashiga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Shuning uchun biz, yoshlar, avvalo o‘z salohiyatimizni rivojlantirishimiz, boshqa yosh parlament a’zolarini qo‘llab-quvvatlashimiz va yoshlarni qarorlar qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etishga undashimiz kerak.
Saylovlarda ishtirok etish imkoniyati paydo bo‘lganda, qo‘rqmasdan oldinga intilishimiz zarur. Biz bir-birimizni himoya qilishimiz va qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Chunki biz nafaqat bugungi, balki kelajak avlod uchun ham mas’ulmiz.
Tanzaniya Parlamentlararo ittifoqning 153-Assambleyasiga mezbonlik qiladi. Tanzaniya vakili sifatida barchangizni ushbu tadbirga taklif qilaman. Ayniqsa, yosh parlament a’zolarini yurtimizda kutib olishdan mamnun bo‘lamiz.
N.Abduraimova,
O‘zA