Eksport salohiyatini oshirish choralari belgilandi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Davlatobod tumani hokimi Anvar Tojimirzayev tumanda eksport salohiyati pasaygan korxonalar faoliyatini o‘rganib, ishlab chiqarish jarayonlari, mavjud muammolar va istiqbolli rejalar bilan tanishdi.
Dastlab “ZAFAR PLAST” MCHJ faoliyati ko‘zdan kechirildi. Plastmassa truba-quvur mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona 0,40 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, yillik ishlab chiqarish quvvati 112,7 tonna, pul ifodasida 3,5 milliard so‘mni tashkil etadi.
Korxona rahbari bilan muloqotda mahsulotlarni sotish, yangi xaridorlar topish va bozor ko‘lamini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tadbirkor bu borada amaliy ko‘makka ehtiyoj borligini bildirdi.
O‘rganishlar davomida ro‘mol ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi korxona faoliyati ham ko‘zdan kechirildi. Bu yerda kuniga 50 ta, yiliga 18 ming dona ro‘mol ishlab chiqarilib, mahsulotning 5 xil turi tayyorlanmoqda. Yillik ishlab chiqarish hajmi 1 milliard so‘mni tashkil etadi. Korxonada 10 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Tuman hokimi ishlab chiqarish hajmi va mahsulot turlarini oshirish, yangi xaridorlar jalb etish hamda eksport geografiyasini kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
Mas’ullarga mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga olib chiqish imkoniyatlarini kengaytirish hamda mavjud muammolarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
[gallery-31260]
Bunday amaliy o‘rganishlar korxonalar faoliyatini jonlantirish, eksport salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA