Aholining statistik registri shakllantiriladi
Prezident farmoni bilan O‘zbekistonda statistikani rivojlantirishning yangi davri boshlanmoqda. Aholi va qishloq xo‘jaligi ma’lumotlarini boshqarish tizimi tubdan o‘zgaradi. Bu nimalarni anglatadi?
“Statistikani rivojlantirish – 2030” milliy strategiyasini tasdiqlash hamda ro‘yxatga olish ma’lumotlaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
2026-yil 10-sentabrda qabul qilingan farmonga ko‘ra, 2027-yil yakuniga qadar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalaridan foydalangan holda Milliy statistika qo‘mitasida (Qo‘mita) aholining statistik registrini shakllantirish va quyidagi shartlarni ta’minlash orqali aholi sonini hisoblash va e’lon qilib borish amaliyoti joriy etiladi.
Davlat organlarining aholiga oid ma’lumotlar bazalari o‘zaro muvofiqlashtiriladi va ma’lumotlarni doimiy yangilab borish uchun aholining statistik registriga integratsiya qilinadi.
Aholining statistik registri “Kiberxavfsizlik markazi” DM tomonidan kiberxavfsizlik talablariga muvofiqlik yuzasidan ekspertizadan o‘tkazilib, tegishli xulosa olinganidan so‘ng amaliyotga joriy etiladi va axborot tizimi xavfsizligi doimiy tartibda monitoring qilib boriladi.
Aholining statistik registridan alohida ruxsat berilgan xodimlar tomonidan faqat statistik maqsadlarda jamlanma statistik ma’lumotlarni shakllantirish uchun foydalaniladi. Bunda mazkur registrda yuritiladigan individual ma’lumotlardan davlat organlari hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligining statistik registri shakllantiriladi va undagi ma’lumotlarning doimiy ravishda yangilab borilishi ta’minlanadi.
Sherbek Islomov, O‘zA