Farmonga sharh: Energetika sohasida 2050-yilgacha mo‘ljallangan uzoq muddatli yondashuv belgilandi
Yoqilg‘i-energetika sohasida aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining energiyaga bo‘lgan ehtiyojini barqaror ta’minlash, resurslardan samarali foydalanish va kelgusi davr uchun aniq rejalarni belgilash muhim vazifalardan hisoblanadi. Shu maqsadda Prezidentning 2026-yil 22-sentabrdagi “Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan sohani uzoq muddatli rivojlantirishga qaratilgan yangi yondashuvlar belgilandi.
Farmonning asosiy jihatlaridan biri 2050-yilgacha iste’molchilarni yoqilg‘i-energetika resurslari bilan barqaror ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqishdir. Bunda hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarining kelgusidagi ehtiyojlari, mavjud resurslar salohiyati, aholi soni va hududlarning ixtisoslashuvi hisobga olinadi.
Konsepsiya faqat energiya ta’minoti masalalari bilan cheklanmaydi. Unda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiyani saqlash tizimlari va atom energetikasini rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish, raqamli va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish hamda yangi avlod energetika texnologiyalariga bosqichma-bosqich o‘tishning uzoq muddatli istiqbollari belgilanadi. Konsepsiya har besh yilda yangilanib boradi.
Energiya resurslariga bo‘lgan talabni aniqlashda ham yangi tartib joriy etiladi. Endi tarmoqlar va hududlar kesimida keyingi uch yil uchun yoqilg‘i-energetika resurslariga bo‘lgan ehtiyoj har yili prognoz qilinadi. Shu asosda iste’molchilarni resurslar bilan ta’minlash bo‘yicha uch yillik rivojlantirish rejasi ishlab chiqilib, tasdiqlanadi va e’lon qilinadi.
Bunday yondashuv energiya ta’minotida ehtimoliy ehtiyojlarni oldindan aniqlash va zarur choralarni o‘z vaqtida belgilash imkonini beradi. Shu bilan birga, resurslarga bo‘lgan talab, ishlab chiqarish imkoniyatlari va kelgusi investitsiya ehtiyojlarini o‘zaro bog‘liq holda rejalashtirishga sharoit yaratadi.
Farmon bilan energetika sohasida investitsiya loyihalarini tanlash va amalga oshirish tartibi ham takomillashtiriladi. Keyingi uch yilga mo‘ljallangan istiqbolli investitsiya loyihalari rejasi shakllantiriladi. Unda loyihalarning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari, moliyalashtirish manbalari, zarur yer maydoni va infratuzilmaga oid ma’lumotlar aks ettiriladi.
Rejaga kiritilgan loyihalar bo‘yicha tanlov hujjatlari ochiq e’lon qilinadi va loyiha tashabbuskori tanlov asosida aniqlanadi. Shu tariqa, investitsiya jarayonida loyihalarni oldindan rejalashtirish, ochiq tanlov o‘tkazish va ularning amalga oshirilishi uchun mas’uliyatni aniq belgilashga e’tibor qaratiladi.
Sohaning kelgusi rivoji malakali kadrlar tayyorlash bilan ham bevosita bog‘liq. Shu bois farmonda xodimlarni xorijiy davlatlarda stajirovkaga yuborish, rahbar kadrlarni shaxsiy-professional diagnostikadan o‘tkazish, shuningdek, xorijiy nufuzli universitetlarda ta’lim oladigan talabalar sonini bosqichma-bosqich oshirish choralari belgilangan.
Xususan, 2030-yilga qadar yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida nufuzli xorijiy universitetlarda ta’lim oladigan talabalar sonini yiliga 50 nafarga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, sohada kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan jami 50 million dollarlik grant mablag‘larini jalb qilish choralari ko‘riladi.
Umuman, farmonda belgilangan choralar energetika sohasini qisqa muddatli ehtiyojlarni qondirish bilan cheklanib qolmasdan, uzoq muddatli prognoz, investitsiya, zamonaviy texnologiyalar va kadrlar salohiyatini uyg‘unlashtirgan holda rivojlantirishga qaratilgan. 2050-yilgacha mo‘ljallangan konsepsiya esa iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash va mamlakatning energetika xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan uzoq muddatli rejalashtirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA