Farmon ijrosi tahlil etildi
Jizzax viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrda qabul qilingan “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar Respublika ishchi guruhi tomonidan izchil o‘rganilmoqda.
Mazkur hujjatda giyohvandlikka qarshi kurashishning samaradorligini oshirish, aholi, ayniqsa, yoshlarni mazkur illat ta’siridan ishonchli muhofaza qilish, profilaktika tizimini kuchaytirish hamda davlat organlari faoliyatining o‘zaro muvofiqligini ta’minlash ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Farmon ijrosi doirasida navbatdagi o‘rganishlar Jizzax viloyatining qator hududlarida davom ettirildi. Xususan, Sharof Rashidov tumani va Jizzax shahrida sohaga daxldor vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, hujjatda belgilangan vazifalarning amaldagi ijrosi har tomonlama tahlil qilindi.

Yig‘ilishda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish, ular tarqalishining barvaqt oldini olish, profilaktika ishlarini manzilli tashkil etish hamda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida huquqiy ong va sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarining natijalari muhokama qilindi. Shuningdek, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tayyorlangan hujjatlar, hisobotlar va tasdiqlovchi materiallar Respublika ishchi guruhi tomonidan batafsil o‘rganildi.

O‘rganishlar jarayonida mas’ul tashkilotlar tomonidan yuritilayotgan xizmat hujjatlari, ijro intizomi hamda belgilangan vazifalarning bajarilish darajasi alohida ko‘rib chiqildi. Mutaxassislar tomonidan aniqlangan holatlar asosida ish samaradorligini yanada oshirish, ijro intizomini mustahkamlash va sohadagi mavjud kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Ta’kidlanganidek, yuqorida nomi zikr etilgan farmon bilan giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi tasdiqlangan bo‘lib, unda profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, idoralararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, har bir hududda “yo‘l xaritalari” asosida manzilli ishlash mexanizmlari belgilangan. Jizzax viloyatida o‘tkazilayotgan mazkur o‘rganishlar ana shu vazifalarning hududlardagi ijrosini xolis baholash, aniqlangan muammolarni bartaraf etish hamda belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

O‘rganish yakunida profilaktik va targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashishda idoralararo hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, farmonda belgilangan vazifalar ijrosini belgilangan muddatlarda va yuqori sifat darajasida ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq hamda amaliy tavsiyalar berildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri