Farmatsevtika: Afg‘oniston delegatsiyasining tashrifi – hamkorlik yo‘lidagi yana bir qadam
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qo‘shni Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ayniqsa, inson salomatligini muhofaza qilishning muhim bo‘g‘ini hisoblangan farmatsevtika tarmog‘ida o‘zaro manfaatli sheriklik aloqalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotir.
Bu boradagi tizimli islohotlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yilning 12-15-may kunlari Afg‘oniston Islom Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimi vakillari, yetakchi farmatsevtika importyorlari hamda ishbilarmon doiralaridan iborat delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi amalga oshirilmoqda.
Mazkur tashrif nafaqat ikki tomonlama savdo aylanmasini oshirish, balki mintaqada dori vositalari xavfsizligi va ta’minoti barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ta’kidlash joizki, ushbu muloqotlar poydevori Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi delegatsiyasining Afg‘onistonning Qobul va Mozori Sharif shaharlariga amalga oshirgan xizmat safari davomida qo‘yilgan edi. O‘shanda o‘tkazilgan muzokaralar natijasida dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini soddalashtirish, ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish va doimiy hamkorlik mexanizmini yaratish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgandi.
Bugun, 13-may kuni “Tashkent Pharma Park” innovatsion farmatsevtika klasteri hududida tashkil etilgan O‘zbekiston – Afg‘oniston biznes-forumi hamda B2B va B2G formatidagi uchrashuvlar ana shu kelishuvlarni amaliy bosqichga olib chiqish uchun qulay maydon bo‘lib xizmat qildi. Forum davomida tomonlar nafaqat tayyor mahsulot eksporti, balki qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish va sohada ilmiy-texnologik almashinuvni yo‘lga qo‘yish masalalarini atroflicha muhokama qildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston farmatsevtika mahsulotlarining Afg‘oniston bozoriga kirib borishi uchun keng imkoniyatlar mavjud. Tashrif doirasidagi muzokaralarning markaziy mavzusi ham aynan mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz tomonidan tayyorlanayotgan sifatli va hamyonbop dori vositalarini qo‘shni davlat bozorida keng joriy etishdan iborat bo‘ldi. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarining kengayishi ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlab, yangi eksport shartnomalarining imzolanishiga zamin yaratmoqda. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonning mintaqaviy farmatsevtika xabiga aylanish borasidagi strategik maqsadlariga to‘la mos keladi.
Afg‘oniston delegatsiyasining ushbu tashrifi va o‘tkazilgan biznes-forum ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy diplomatiyaning yuksak namunasidir. Erishilgan kelishuvlar va imzolanishi kutilayotgan yangi shartnomalar yaqin kelajakda farmatsevtika mahsulotlari aylanmasini bir necha barobarga oshirishga, eksport geografiyasini kengaytirishga va eng muhimi, ikki xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu kabi amaliy muloqotlar O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik aloqalarini yangi, yanada yuqori marralarga olib chiqishi shubhasiz.
Mohigul Qosimova,
O‘zA