Farg‘onaliklar marraga yetdi
Farg‘ona viloyati paxtakorlari joriy yilgi paxta yig‘im-terim mavsumida 371 ming 500 tonna xirmon yaratib, paxta xomashyosi yetishtirish va topshirish bo‘yicha belgilangan shartnomaviy rejani bajardi.
Ushbu mehnat zafari Prezidentimiz rahbarligida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, sohaga zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarini mexanizatsiyalash hamda ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasidir. Joriy yilda viloyat bo‘yicha 72 ming gektar maydonda g‘o‘za parvarishlandi. Shundan 62 ming gektariga, ya’ni umumiy maydonning 86 foiziga xorijiy navli chigitlar ekildi.
Mavsum davomida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, g‘o‘za parvarishida ilmiy yondashuvlardan foydalanish, sug‘orish, mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish va hosilni pishib yetiltirish ishlariga alohida e’tibor qaratildi.
Paxtachilikda yuqori natijalarga erishishda zamonaviy texnikalardan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etdi. Xususan, joriy yilda Xitoyning «Swan» kompaniyasidan yana 135 ta paxta terish mashinasi xarid qilinib, viloyatdagi mavjud terim mashinalari soni 285 taga yetkazildi. Zamonaviy texnikalar yordamida 230 ming tonna paxta hosili yig‘ib olindi. Bu terim muddatlarini qisqartirish, mehnat unumdorligini oshirish va daladagi yo‘qotishlarni kamaytirish imkonini berdi.
Paxta yig‘im-terimi davom etmoqda.
Muhammadjon Obidov, O‘zA