Jamoatchilik eshituvi: natijalar, tahlil va takliflar
“Yuksalish” harakatining Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasi hamda xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-avgustdagi “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuni ijrosiga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.
Unda viloyat Kengashi deputatlari, Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalari vakillari, tegishli tashkilot va idoralar mutasaddilari ishtirok etdi.

Jamoatchilik eshituvida qonun ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va jarayonda uchrayotgan muammolar atroflicha tahlil qilindi.
– Bugungi kunda viloyat bo‘yicha “E’tirof” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga 21 727 ta ob’ekt kiritilgan bo‘lib, 11 048 ta ob’ekt bo‘yicha fuqarolarning huquqlari e’tirof etilgan. Bu umumiy ko‘rsatkichning qariyb 51 foizini tashkil etadi, – deydi Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Nishonov. – Shuningdek, belgilangan tartibda to‘lovlarni amalga oshirish va tegishli qarorlarni qabul qilish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Jumladan, nazorat tadbirlari natijasida 6 976 ta to‘lov amalga oshirilib, 6 662 ta ko‘chmas mulk ob’ekti bo‘yicha huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida xalq deputatlari viloyat Kengashi qarorlari qabul qilingan.

Tahlillarga ko‘ra, fuqarolar murojaatlarida kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, kadastr ma’lumotlar bazasiga oid masalalar hamda mulkiy huquqlarni e’tirof etish jarayonini jadallashtirish bilan bog‘liq savollar salmoqli o‘rin tutadi.
Shu munosabat bilan to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, vakolatli tashkilotlar tomonidan xulosalarni belgilangan muddatlarda taqdim etish, mahallalarda aholiga amaliy ko‘mak berish va idoralararo hamkorlikni yanada kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Jamoatchilik eshituvi yakunlari bo‘yicha qonun ijrosini ta’minlash va fuqarolar uchun mavjud masalalarni hal etishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri