Farg‘onaga katta futbol qaytdi
Farg‘onaga katta futbol qaytdi. Shaharning markaziy ko‘cha va maydonlari bugun “Neftchi” futbol klubi ishqibozlari bilan to‘ldi. Garchi superligada O‘zbekiston chempionati boshlangan bo‘lsada, u Farg‘onaga 2-turda yetib keldi. Shu munosabat bilan shaharning san’at saroyida “Neftchi” futbol klubi a’zolarini tanishtirish tantanalari bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, “Neftchi” shonli tarix yo‘lini bosib o‘tgan. U besh bor mamlakat chempioni, to‘qqiz marta kumush medal sohibi, bir marta Osiyo chempionlari ligasida bronza medalini olgan. Shuningdek, “Neftchi” turli xalqaro turnirlarning sovrindori bo‘lgan.

Tantanani viloyat hokimi Xayrullo Bozarov ochar ekan Farg‘ona xalqini, jamoa muxlislarini yangi futbol mavsumi bilan muborakbod etdi va komanda tarkibidagi o‘zgarishlar, 2025 yil reja hamda maqsadlarini bildirdi.
– 80-90 foiz futbolchilarimiz yangilanib, yaxshi mutaxassislar, juda katta tajribaga ega futbolchilarni klubimizga taklif qilganmiz, – deydi Farg‘ona viloyati futbol assotsiatsiyasi raisining o‘rinbosari Nosir Otaqo‘ziyev. – Yangi o‘yinchi, mutaxassis, bosh menejerlar birgalikda ishlashyapti.

Viloyat hokimligining izchil say harakati bilan “Neftchi” 2025 yilgi mavsumga g‘oyat katta tayyorgarlik bilan keldi. Uning o‘quv-tayyorgarlik majmuasi butunlay yangitdan qurildi. Endi 18, 20, 23 yoshli guruhlar uchun ham alohida sharoitlar yaratildi. Jamoa safiga Jamshid Boltaboyev, Farruh Sayfiyev, Eldorbek Suyunov, Jovan Jokich, Abrorbek Ismoilov, Jamshid Iskanderovlar Namanganning “Navbahor”, Zoran Marushich “Nasaf”, Shoxrux Gadoyev “OKMK”, Muhammad G‘iyosov “Qizilqum”, Vladimr Yovovich “Sog‘diyona”, Ibrohimxalil Yo‘ldashev Qozog‘istonning “Qayrat” klubidan kelib qo‘shildi.

Tanishtiruv tantanasida ularning har biriga tegishli raqamli “Neftchi” ramzi tushirilgan kiyim berildi.
Xayrullo Bozarov yana bir xushxabarni yetkazdi. Aprel oyida Farg‘onada “Neftchi” futbol akademiyasi faoliyatini boshlaydi.

– Hozir 5 gektar maydonda futbol akademiyasi qurilyapti. U “Neftchi” professional futbol klubining o‘ziga tegishli akademiyadir. Kelgusida u to‘g‘ridan–to‘g‘ri “Neftchi” klubiga hamda turli yoshdagi mamlakat terma jamoalariga futbolchilar yetkazib berish vazifasini bajaradi.

“Neftchi” muxlislari uchun futbol ishqibozi bo‘lgan san’atkorlar xizmat qildilar. Ishqibozlar esa shunday hayqirar edilar: “Neftchi”–chempion!

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/n7qBTzj-gdw" title="Farg`onaga katta futbol qaytdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov