Farg‘onada turizm ko‘chasi tashkil etiladi
Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahrining Kashtanzor ko‘chasi negizida yangi turizm ob’ekti tashkil etiladi. Yaqin orada bu yer shahar aholisi va sayyohlar uchun eng sevimli maskanga aylanadi.
Farg‘ona dehqon bozoridan “Pingvin” kafesigacha bo‘lgan 2-2,5 kilometr uzunlikdagi hududdagi “Turizm ko‘chasi” ni xiyobon ko‘rinishida qurish rejalashtirilgan. Zamonaviy yoritgichlar o‘rnatiladi, mavsumiy noqulay ob-havo sharoitlarida o‘rindiqli soyabonlardan foydalaniladi.
Bundan tashqari, sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatish borasida sanitariya-gigiyena punkti va turizm axborot markazi tashkil etiladi.
“Alisher Navoiy” kinoteatri, viloyat madaniyat uyi, “Yoshlik” restorani, Dehqon bozori, “Azia.uz” supermarketi, “Book cafe” kabi majmualarning ham ushbu hududda joylashganligi “Turizm ko‘chasi” ga yanada ko‘proq sayyohlarni jalb etish imkoniyatini beradi.

Mazkur ob’ektda sayyohlarning “shopping” qilishi, kitob o‘qishi, sevimli filmini ko‘rib, madaniy hordiq chiqarishi, madaniyat uyi xodimlari tomonidan tashkillashtirilgan turli badiiy chiqishlardan bahramand bo‘lishi mumkin.
“Turizm ko‘chasi”ni eng avvalo, xalqimizning milliy hunarmandchiligi, madaniyati, san’ati, kundalik turmushini namoyon etuvchi go‘sha sifatida mehmonlar uchun tashrif ob’ektlaridan biriga aylantirish ko‘zda tutilgan. Kulolchilik, atlas-adras to‘qish ustaxonalari uchun alohida joy ajratish shular jumlasidandir.
Loyiha doirasida piyodalar, velosipedlar uchun alohida yo‘laklar va ko‘cha bo‘ylab sayr uchun maxsus kichik transportlar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilishi belgilangan. Selfi va Wi-Fi zonalari bunyod etilayotgan ushbu ko‘cha tez orada Farg‘onaning tayanch nuqtalaridan biriga aylanadi.
M. Sulaymonov, O‘zA