Farg‘onada gastronomik turizm rivojlanmoqda
O‘zbekiston gavhari sifatida e’tirof qilinadigan Farg‘ona viloyati go‘zal tabiati, mehmondo‘st, samimiy insonlari bilan tanilgan. Birgina o‘tgan yilda viloyatga 475 mingdan ziyod xorijlik sayyohlar kelgani ham turizm rivojiga qaratilayotgan e’tibor samarasidir.
Aynan gastronomik turizm xususida gap ketganda, ushbu viloyatda har bir hududning o‘ziga xos mashhur taomlari, shirinlik va yeguliklari borligini alohida e’tirof etish o‘rinlidir.
Aytish joiz, har bir taomning o‘ziga xos retsepti, tayyorlanish jarayoni va mehmonlarga tortiq qilish udumi bor. Bu mahalliy va xorijlik sayyohlarga ular bilan tanishish hamda mazasini his qilish imkonini beradi.
Bu borada keyingi yillarda Farg‘ona viloyatining har bir shahar-tumanga xos bo‘lgan gastronomik brendlari yaratilgani e’tiborga sazovordir. Xususan, Farg‘ona shahrida shirinliklar savdosi bo‘yicha qandolat uyi tashkil etilgan. Marg‘ilon shahrida Ketibog‘ shavlasi, shirmoy non, O‘ram choyxonasi taomlari, Qo‘qon shahrida esa Xo‘qandi latif patiri va holvasi xaridorlarga juda ham manzur.

Oltiariq tumani tandirda yopiladigan somsalari (go‘shtkuydi), Rishton tumani yuzlab choyxonalarda damlanadigan Cho‘ng‘ara guruchi oshi bilan tanilgan. O‘zbekiston tumanida Qo‘shqo‘noq mastavasi, Quva tumanida polvon sho‘rva va shirinliklari (chak-chakka, pechak qand va “Quva qandolat“ mahsulotlari) mashhur bo‘lib ulgurgan. Beshariq tumani six kaboblari, Buvayda tumani ovlanadigan qushlar asosida tayyorlanadigan taomlar, Yozyovon tumani baliq ovqatlari hamda Farg‘ona tumani Chimyon sopaki oshi va Chimyon patiri bilan sayyohlarni o‘ziga keng jalb etadi.
Viloyatdagi bu kabi gastronomik hududlar turoperatorlar tomonidan mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun turizm marshrutiga kiritilgan bo‘lib, doimiy ravishda bir, uch kunlik hamda haftalik sayohatlar tashkil etiladi. O‘z navbatida, mehmonlar uchun ekoturizm, agroturizm tarmoqlari bo‘yicha ham sharoitlar muhayyo qilingan. Sayyohlar gilos, qulupnay, uzum, anor, qovun-tarvuz sayli hamda so‘lim tabiat maskanlari, mevazor bog‘lar, suv bo‘ylarida hordiq chiqarish, meva-sabzavotlardan bahramand bo‘lish, o‘z qo‘li bilan ovqat tayyorlab iste’mol qilish imkoniga ega.
– Ayni jarayonda muntazam ravishda gastronomik festivallar va yarmarkalar tashkil etilib, unda mahalliy taomlar, shirinliklar, bog‘dorchilik, hunarmandchilik mahsulotlari namoyish etilmoqda, – deydi Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov. – Har yili o‘tkaziladigan bu kabi festivallarda mamlakatimizning barcha hududlari, xorijdan sayyohlar taklif etiladi. Bu Farg‘ona viloyatida gastronomik turizmni yildan yilga oshirish imkonini berayotir.
O‘z navbatida, Farg‘onada gastronomik turizmga xizmat ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan infratuzilma tobora rivojlantirib borilmoqda.
2025 yili viloyatda “Farg‘ona gastronomik festivali” o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Festival kunlari mamlakatimiz va Farg‘ona vodiysining ko‘p yillik an’analari hamda zamonaviy urf-odatlarini uyg‘unlashtiradigan mahalliy, dunyoga tanilgan oshpazlar, pazandalik san’ati targ‘ibotchilari, bu boradagi kitoblar mualliflari, gastronomiya madaniy merosi qiziquvchilari va sayyohlarni bir joyga jamlash ko‘zda tutilgan. Maqsad yurtimizning boy va murakkab oshpazlik san’ati an’analarini targ‘ib qilish hamda dunyoga tanitishdan iborat. Festivalda odatiy taomlar va taniqli oshpazlar ishtirokida pazandachilik mahorati namoyish qilinadi. Mahorat darslari, turli ko‘rik-tanlovlar, teatrlashtirilgan tomoshalar o‘tkaziladi.
M.Sulaymonov, O‘zA