Elobod mahallasida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda
Qashqadaryo viloyatida aholi turmush farovonligini yuksaltirish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Xususan, “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida Qamashi tumanidagi Elobod mahallasida umumiy qiymati 21,5 milliard so‘mlik bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.
Loyiha doirasida mahallaning elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 24,2 kilometr elektr tarmoqlari rekonstruksiya qilinmoqda. Shuningdek, 5 kilometr yangi elektr tarmog‘i tortildi, temir-beton tayanch ustunlari o‘rnatildi hamda 3 ta yangi transformator foydalanishga topshirildi.

Ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, sig‘imi 200 kub metr bo‘lgan suv rezervuari qurilmoqda. Ayni paytda aholi xonadonlariga ichimlik suvi tarmoqlarini tortish va suv inshootlarini barpo etish ishlari davom ettirilmoqda.

Loyihaning navbatdagi bosqichida suv ta’minoti ishlari yakunlangach, mahallada piyodalar yo‘laklari barpo etiladi hamda umumiy uzunligi 19 kilometr bo‘lgan ichki yo‘llarga asfalt qoplamasi yotqiziladi.

Mazkur ishlar mahallaning muhandislik infratuzilmasini yanada mustahkamlash, aholi uchun qulay va zamonaviy yashash muhitini yaratishga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri