Eʼtirofga munosib şifokor
Inson hayotini asraş, uning salomatligini tiklaş va oğir damlarda umid bağişlaş. Tibbiyot xodimi zimmasidagi masʼuliyatni birgina şu vazifalar bilan ifodalaş mumkin.
Inson hayotini asraş, uning salomatligini tiklaş va oğir damlarda umid bağişlaş. Tibbiyot xodimi zimmasidagi masʼuliyatni birgina şu vazifalar bilan ifodalaş mumkin. Ammo bu kasbning zamirida bilim va mahoratdan taşqari, sabr, matonat, mehr-oqibat va inson taqdiriga daxldorlik hissi ham mujassam. Ayniqsa, yurak xastaliklari bilan kuraşayotgan bemorlar hayoti uçun har bir daqiqa hal qiluvçi ahamiyatga ega bölgan kardiologiya sohasida bu fazilatlar yanada muhim.
Bugun ana şunday masʼuliyatli kasbni tanlab, yigirma ikki yildan buyon insonlar salomatligi yölida sidqidildan mehnat qilib kelayotgan buхороlik şifokor Nargiza Ahmedova faoliyati eʼtirof etildi. Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan Prezidentimizning farmoniga muvofiq, u “Şuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Bu mukofot bir insonning mehnat faoliyatiga berilgan baho böliş bilan birga, oq xalatga sadoqat, kasbiy masʼuliyat va odamlar dardiga hamdardlikning qadr topganini ham anglatadi.
Nargiza Ahmedova Respublika şoşilinç tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali kardiologi sifatida faoliyat yuritadi. Uning iş kuni bemorlarning murojaatlari, taşxis qöyiş, davolaş jarayonlari va baʼzan inson hayotini saqlab qoliş uçun keçadigan şoşilinç qarorlar bilan boğliq. Kardiologiya şunday sohalardanki, unda bilim va tajriba bilan birga vaqtni töğri baholaş, vaziyatni tez anglaş va aniq qaror qabul qiliş muhim. Ayniqsa, miokard infarkti kabi oğir holatlarda şifokorning har bir harakati bemorning keyingi hayotiga taʼsir körsatişi mumkin.
Şu maʼnoda, Nargiza Ahmedova tanlagan kasb oddiy mehnat emas, balki inson taqdiri uçun doimiy masʼuliyatni zimmaga olişdir. Yillar davomida orttirilgan tajriba, turli murakkab holatlarda bemorlarga yordam körsatiş jarayoni uning kasbiy mahoratini şakllantirdi. Biroq u uçun eng katta natija — bemorning soğayib, yaqinlari bağriga qaytişi.

—Meni bunday yuksak mukofotga loyiq körişadi, deb öylamagan edim. Bu men uçun kutilmagan sovğa böldi, desam ham böladi. Juda xursand böldim. Albatta, bunday eʼtirof quvonç bilan birga yanada köproq işlaş, öz ustimizda muntazam izlaniş va xalqimizning roziligini oliş uçun intiliş masʼuliyatini ham yuklaydi. Şu jihatdan faxrlanaman, — deydi “Şuhrat” medali sohibi Nargiza Ahmedova.
Uning sözlarida mukofotdan quvoniş bilan birga, bu eʼtirofni yangi masʼuliyat sifatida qabul qiliş tuyğusi ham seziladi. Zero, şifokor mehnatining haqiqiy samarasi faqat kasbiy körsatkiçlar bilan emas, balki insonlar hayotidagi ijobiy özgarişlar, bemorlar va ularning yaqinlari qalbida qoldirgan işonçi bilan ham ölçanadi.
Sönggi yillarda mamlakatimizda soğliqni saqlaş tizimini takomillaştiriş, aholiga körsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oşiriş va zamonaviy davolaş usullarini amaliyotga keng joriy etiş davlat siyosatidagi muhim yönalişlardan biriga aylandi.
Davlat rahbari taşabbusi bilan tibbiyot sohasida boşlangan islohotlar, avvalo, inson manfaatlariga xizmat qilişi, har bir fuqaro uçun sifatli va malakali tibbiy yordamdan foydalaniş imkoniyatini kengaytirişi bilan ahamiyatlidir. Zamonaviy tibbiy uskunalar, ixtisoslaştirilgan markazlar, yangi davolaş usullari va malakali kadrlar tayyorlaşga qaratilayotgan eʼtiborning mohiyati ham şunda. Nargiza Ahmedova bu özgarişlarni bevosita iş jarayonida his etayotgan mutaxassislardan hisoblanadi.
—Avvalgi yillar bilan, ayniqsa, sönggi ikki yildagi özgarişlarni taqqoslaydigan bölsak, farq juda katta. Bemorlarni qabul qiliş jarayonida qöllanilayotgan tekşiruv usullari, tibbiy şaroitlar va binolar holati ança yaxşilandi. Ilgari bir palatada tört-beş nafar bemor davolangan bölsa, bugun barça zarur şaroitlar yaratilmoqda. Bu özgarişlarni keyingi yillarda amalga oşirilayotgan islohotlarning amaliy samarasi, deb bilaman, — dedi u.

Darhaqiqat, tibbiyotdagi islohotlarning natijasi, eng avvalo, bemorning hayoti va salomatligida namoyon böladi. Davolaniş uçun yaratilgan qulay şaroit, zamonaviy taşxis usullari, malakali mutaxassis va öz vaqtida körsatilgan yordam — bularning har biri inson qadrini taʼminlaşning muhim tarkibiy qismidir.
Kardiologiya sohasidagi özgarişlar ham bu borada alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, yurak-qon tomir kasalliklarida tezkor tibbiy yordam körsatiş, bemorni töğri taşxislaş va samarali davolaş hayot-mamot masalasiga aylanişi mumkin.
—Bugun Buxoro viloyatining qaysi hududida bölişidan qatʼi nazar, infarkt bilan murojaat qilgan bemorlarga angiografiya orqali stentlaş yoki trombolizis amaliyotlari yordamida zamonaviy tibbiy xizmat körsatiş imkoniyati mavjud. Bu esa bemorga öz vaqtida yordam beriş va uning hayotini saqlab qolişda juda muhim, — deydi şifokor.
Bu fikrlar tibbiy xizmatda hududiy imkoniyatlarni kengaytiriş qançalik muhimligini körsatadi. Çunki bemorning qayerda yaşaşidan qatʼi nazar, uning hayoti va salomatligi birdek qadrlanişi lozim. Zamonaviy tibbiy yordamning hududlarda ham yölga qöyilişi ana şu maqsadga xizmat qiladi.
Sohadagi islohotlar faqat moddiy-texnik bazani mustahkamlaş bilan çeklanmaydi. Tibbiyotning ertangi kuni bugun taʼlim olayotgan, kasb sirlarini örganayotgan va öz oldiga yuksak maqsadlar qöyayotgan yoş mutaxassislarga ham boğliq.
Şu bois davlat rahbari taşabbusi bilan tibbiy taʼlimni takomillaştiriş, nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyğunlaştiriş, tor mutaxassisliklar böyiça kadrlar tayyorlaş va yoşlarni qöllab-quvvatlaşga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Nargiza Ahmedova bu jarayonni sohaning kelajagi uçun muhim qadam sifatida baholaydi.
—Prezidentimizning farmonlari biz, tibbiyot xodimlaridan yanada köproq işlaşni, öz ustimizda muntazam izlanişni talab qiladi. Tibbiyot oliygohlarida talabalarning amaliy maşğulotlarga köproq jalb etilişiga eʼtibor qaratilmoqda. Tor mutaxassisliklarni egallaş istagida bölgan yoşlar uçun bepul rezidentura taşkil etilişi ham juda yaxşi imkoniyat. Avval klinik ordinatura ikki yillik bölib, örinlarning maʼlum qismi grant asosida, aksariyati esa tölov-kontrakt asosida edi. Hozir rezidenturada bepul taʼlim oliş imkoniyati yaratilmoqda. Şuningdek, rezidenturaga qabul qilingan talabalarga uç million sömgaça stipendiya beriş belgilangani yoş kadrlar uçun ham maʼnaviy, ham moddiy kömak deb öylayman, — dedi Nargiza opa.
Darhaqiqat, tibbiyotda bir kunlik tajriba bilan çeklanib qoliş mumkin emas. Ilm-fan va texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bir paytda şifokordan doimiy izlaniş, yangiliklarni özlaştiriş va bilimlarini amaliyotda qöllay oliş talab etiladi. Şu maʼnoda, yoşlarning ixtisoslaşgan tibbiy taʼlim olişi uçun yaratilayotgan imkoniyatlar kelajakda sohada malakali mutaxassislar safi kengayişiga xizmat qiladi.
Nargiza Ahmedova kabi köp yillik tajribaga ega şifokorlarning kasbiy faoliyati esa yoşlar uçun öziga xos maktabdir. Çunki tibbiyotda bilim kitobdan örganilsa, kasbga sadoqat, bemorga mehr va masʼuliyat tuyğusi köpinça hayotiy tajriba, ustozlar ibrati orqali şakllanadi.

Nargiza opa uçun bosib ötilgan yigirma ikki yillik mehnat yölining munosib eʼtirofi böldi. Biroq uning özi bu mukofotni faoliyatining yakuni emas, balki yanada masʼuliyatli mehnatga undaydigan rağbat sifatida qabul qilmoqda.
Aslida, tibbiyot xodimining eng katta mukofoti — bemorning soğayişi, hayotga qaytişi, uning oilasidagi quvonç va minnatdorlikdir. Davlat eʼtirofi esa ana şu maşaqqatli mehnatning jamiyat tomonidan qadrlanayotganini anglatadi.
Bugun mamlakatimizda şifokorning mehnati, kasbiy mahorati va fidoyiligini eʼtirof etişga qaratilayotgan eʼtiborning ahamiyati ham şunda. Çunki inson salomatligi uçun kuraşayotgan har bir mutaxassisni qöllab-quvvatlaş, uning mehnatini qadrlaş soğlom jamiyat va barqaror kelajak uçun xizmat qiladi.
Zarif Komilov, ÖzA muxbiri