“Erta aralashuv” xizmati qanday ishlaydi?
Bola salomatligi – bu jamiyat taraqqiyoti, yurt farovonligi. Uning sog‘lom voyaga yetishi uchun esa davlat ham, ota-onalar ham mas’ul.
Aslida bola salomatligida loqaydlik, uning sog‘ligidagi o‘zgarishlarga e’tiborsiz qarash og‘ir holatlarga olib kelishi mumkin. Ba’zan kichkina go‘dak tengdoshlariga nisbatan kechroq o‘tirsa, kech yursa, kech gapirsa yoki uning rivojlanishida boshqa o‘zgarishlar kuzatilsa, ba’zi ota-onalar ko‘pincha bu holat vaqt o‘tishi bilan bartaraf bo‘ladi, deb o‘ylaydi. Biroq ayrim hollarda zarur yordamni kechiktirish bolaning keyingi rivojlanishiga ta’sir qilishi mumkin. Shu bois rivojlanishdagi xavf omillarini ilk yoshdan aniqlash va oilaga o‘z vaqtida ko‘mak berish muhim ahamiyatga ega.
Bolaning jismonan sog‘lom bo‘lishi nimalarga bog‘liq? Qanday omillar bolaning shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadi?
Bugun mamlakatimizda sog‘liqni saqlash, tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar negizida inson salomatligi, uning sog‘lom turmush kechirishi va buning uchun, sog‘lom turmush tarzini yaratish masalasi dolzarb masalalardan hisoblanadi va amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy markazida turadi.
Ma’lumki, mavjud qonunchilikka asosan, O‘zbekistonda 0 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun “Erta aralashuv” xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Uning asosiy vazifasi — rivojlanishida kechikish yoki shunday xavf mavjud bo‘lgan, shuningdek, nogironligi bo‘lgan yoxud nogironlik xavfi mavjud bolalarni erta aniqlash, ularga zarur yordamni tashkil etish va oilalarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bolalikning dastlabki uch yili rivojlanish uchun muhim davr hisoblanadi. Bu vaqtda bolaning harakatlanishi, nutqi, atrofdagilar bilan muloqoti va boshqa ko‘nikmalari shakllanib boradi. Rivojlanishdagi ehtimoliy kechikishlarni erta payqash mutaxassislarga bolaning ehtiyojlarini aniqlash va tegishli yordamni tashkil etish imkonini beradi.
“Erta aralashuv” xizmatining ahamiyati ham shundaki, u muammo yanada murakkablashishini kutish o‘rniga, dastlabki xavf belgilari aniqlangan paytdanoq harakat qilishga qaratilgan. Bunda faqat bolaning holati emas, balki oilaning uni parvarishlash, rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va kundalik mashg‘ulotlarni to‘g‘ri tashkil etish imkoniyatlari ham e’tiborga olinadi.
Xo‘sh, bu xizmatdan kimlar foydalanishi mumkin?
Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bir yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun xizmat oilaviy shifokorning rivojlanishda kechikish xavfi mavjudligi haqidagi xulosasi asosida tashkil etiladi. Bir yoshdan uch yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun esa Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasi talab etiladi. Ushbu xulosalar asosida bola uchun vaucher shakllantiriladi. Bu esa belgilangan tartibda xizmat olish imkonini beradi. Muhim jihati shundaki, ota-onalar xizmat ko‘rsatuvchini tanlash huquqiga ega. Vaucher olgan oila yashash hududidagi “Erta aralashuv” xizmati ko‘rsatuvchi tashkilotga murojaat qilishi mumkin. Ushbu xizmat orqali maxsus pedagoglar va davolovchi jismoniy tarbiya yo‘riqchilari ishtirokida bolalarga korreksion-pedagogik yordam, nutq va jismoniy rivojlantirish mashg‘ulotlari ko‘rsatiladi. Xizmat nodavlat tashkilotlar tomonidan maxsus elektron reyestr asosida yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, anatomik nuqsonlar bilan tug‘ilgan bolalarning qo‘shimcha tibbiy tekshiruv va jarrohlik xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
Xizmat Ijtimoiy himoya milliy agentligining hududiy boshqarmalari xulosasi asosida tegishli reyestrga kiritilgan nodavlat xizmat ko‘rsatuvchilar tomonidan amalga oshiriladi. Ular qatoriga yuridik shaxslar, nodavlat notijorat tashkilotlari va yakka tartibdagi tadbirkorlar kiradi. Hududdagi xizmat ko‘rsatuvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotni tuman yoki shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazidan olish mumkin.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, “Erta aralashuv” xizmati uchun subsidiya miqdori ko‘rsatilgan xizmatning har bir soati uchun bazaviy hisoblash miqdorining 13 foizi etib belgilangan. Bunda bir bolaga haftasiga ko‘pi bilan olti soat, bir kunda ikki soatdan oshmagan va bir oyda 24 soatgacha xizmat ko‘rsatilishi mumkin. Subsidiya miqdorini hisoblashda hududlar bo‘yicha ham farq mavjud. Jumladan, viloyat markazlari va Nukus shahrida 1,1, Toshkent shahrida esa 1,3 koeffitsiyent qo‘llaniladi. Mazkur mexanizm xizmat ko‘rsatuvchilar faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va bolalarning zarur yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Bugunga qadar 142 nafardan oshiq tadbirkorga 475,5 million so‘m subsidiya ajratilib, 3 yoshgacha bo‘lgan nogiron va rivojlanishida nuqsoni bor bor 1,2 ming nafar bolaga reabilitatsiya, ularning ota-onasiga psixologik xizmatlar ko‘rsatilgan.
“Erta aralashuv” xizmatini faqat rivojlanishida kechikish kuzatilayotgan bolalarga yordam ko‘rsatish mexanizmi sifatida baholash to‘liq bo‘lmaydi. Uning yana bir muhim jihati — oilani muammo bilan yolg‘iz qoldirmaslik, ota-onalarga zarur ko‘mak olish yo‘lini ko‘rsatish va bolaning individual ehtiyojlariga mos yordamni tashkil etishdir. Ayni paytda xizmatning samaradorligi uning amaliyotda qay darajada yo‘lga qo‘yilishiga ham bog‘liq. Ota-onalarning xizmat haqida xabardorligi, hududlarda malakali mutaxassislar mavjudligi, xizmat ko‘rsatuvchilarni tanlash imkoniyati va yordamning uzluksizligi muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, rivojlanishdagi xavfni erta aniqlashning o‘zi yetarli emas. Bu aniqlash o‘z vaqtida va bolaning ehtiyojlariga mos yordam bilan davom etsagina, kutilgan natijaga erishish mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA