Venesuela qamoqxonasida ommaviy isyon ko‘tarildi
Venesuelaning Barinas shtatidagi “INJUBA” qamoqxonasida kutilmagan ommaviy mahbuslar isyoni yuz berdi. Ta’kidlanishicha, tartibsizliklar 24-may kuni ertalab, an’anaviy davlat madhiyasi yangraganidan so‘ng birdan boshlanib ketgan.
Namoyishda 1300 dan ortiq mahbus, jumladan, ayollar ham ishtirok etgan. Norozilik paytida mahbuslar bino tomiga yopirilib chiqib, to‘shaklar va boshqa latta buyumlarni yoqib yuborgan. Vaziyat nazoratdan chiqqach, muassasa ichida o‘q ovozlari va portlashlar eshitilgan.
Xavfsizlik kuchlari tartibni tiklash uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. Buning oqibatida yuzdan ortiq mahbus ayolning sog‘lig‘i yomonlashgan. Mahbuslarning tashqarida yig‘ilgan yaqinlari Milliy gvardiya bo‘linmalarining ichkariga kirishiga to‘sqinlik qilgan, biroq harbiylar baribir qamoqxona hududiga kirib borgan.
Ma’lum bo‘lishicha, isyonga qamoqxonaning yangi rahbari Elvis Makuare Gerrero tomonidan joriy etilgan o‘ta qattiq tartib-qoidalar, mahbuslarga nisbatan yomon munosabat va yaqinlari bilan uchrashuvlarning cheklab qo‘yilgani asosiy sabab bo‘lgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA