Eron Trampni ogohlantirdi (+video)
Eron AQSHga nisbatan javob choralari siyosatini tubdan o‘zgartirdi. Tehron hujumlarga "tezkor va og‘riqli" zarba berish bilan tahdid qilib, Vashingtonni yolg‘on targ‘ibotda aybladi.
Bu bayonot AQSH va Eronning Hurmuz bo‘g‘ozida bir-biriga tegishli kemalar va neft tashuvchi tankerlarga zarba berganidan bir necha soat o‘tib yangradi.
G‘olibof davlat televideniyesi orqali: «Amerikaliklar mutanosib javoblar davri tugaganini tushunib yetdi. Eron manfaatlari va xavfsizligiga qilingan har qanday hujum yanada tezkor, qattiq va og‘riqli javob bilan kutib olinadi», — dedi.
Uning aytishicha, mintaqadagi AQSH bazalariga berilgan zarbalar Oq uyni «dovdiratib» qo‘ygan. G‘olibofning da’vo qilishicha, shu sababli AQSH voqealarni yashirish uchun sun’iyintellekt yordamida yolg‘on targ‘ibot materiallarini tayyorlashga o‘tgan.
U bu bilan Oq uyning X va Instagram platformalarida tarqatayotgan sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan videolarni nazarda tutgan. Ularda Eronga berilgan haqiqiy zarbalar tasvirlari filmlar va kompyuter o‘yinlaridagi dramatik sahnalar bilan aralashtirilgan.
G‘olibofning ta’kidlashicha, hozirgi qarama-qarshilik faqat harbiy sohada emas, balki ishlab chiqarish va aholining turmush darajasiga ham ta’sir qilmoqda. U Eron iqtisodiyotidagi vaziyatni asosiy muammolardan biri deb atadi. Shuningdek, ichki ishlab chiqarishni kuchaytirish, texnologiyalarni rivojlantirish va yoshlarning salohiyatiga sarmoya kiritish bo‘yicha zudlik bilan chora ko‘rishga chaqirdi. G‘olibofning fikricha, AQSH sanksiyalarni kuchaytirib, ta’minot zanjirlarini uzish va energetika resurslarini nazorat qilishga harakat qilmoqda. Shu sababli Tehron importni boshqarish, ichki ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va mamlakatdagi salohiyatli mutaxassislar imkoniyatlaridan foydalanishning yangi usullarini ishlab chiqishi kerak.
Eron armiyasi shtabi boshlig‘i, admiral Habibulla Sayyoriy ham Donald Trampning Eronga bosim o‘tkazish haqidagi bayonotlariga munosabat bildirdi. «Tramp doimo birnarsani aytadi: ularda yadroviy qurol yo‘q, biz ularning flotini yo‘q qildik, aviatsiyasini mag‘lub etdik, iqtisodiyoti qulab tushdi, ular maosh to‘lay olmayapti. Biz bu takrorlarga o‘rganib qoldik. Bu davr allaqachon o‘tib ketgan», — dedi u. Sayyoriy, agar AQSH haqiqatan ham tahdidlarini amalga oshirish niyatida bo‘lganida, buni allaqachon qilgan bo‘lar edi, deb ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Eronning harbiy salohiyati, qarshilik ko‘rsatish qobiliyati va irodasiga qarshi tura olmasligini biladi.
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA