Eron AQSHni ogohlantirdi: Urush geografiyasini o‘zgartiramiz
Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi vakili Husayn Muhabbiy AQSH va Isroil tomonidan yangi hujum uyushtirilgan taqdirda Tehronning harbiy strategiyasi tubdan o‘zgarishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, navbatdagi to‘qnashuv yuz bersa, Islom Respublikasi nafaqat qo‘llanadigan qurol turi, balki urush geografiyasini ham kengaytiradi.
“Anadolu” yozishicha, jang maydoniga mutlaqo yangi imkoniyatga ega qurol-yaroq olib chiqiladi va ilgari zarba berilmagan yangi manzillar nishonga olinadi.
Muhabbiy Tehron uzoq davom etadigan urushga to‘liq tayyorligi, IIMK jangovar shayligi avvalgidan ham yuqori darajaga chiqqanini bildirdi. Vakil ta’kidlashicha, tuzilma shu kungacha AQSH bilan hech qanday aloqa o‘rnatmagan va diplomatik muzokarada qatnashmagan. Zero, armiyaning bosh vazifasi mamlakatni himoya qilish. Shuningdek, u AQSHning mintaqadagi bazalari nishonga olinib, ishdan chiqarilgani, shu tariqa Amerikaning mintaqaviy hukmronligiga chek qo‘yilib, yangi tartibni aynan Eron belgilayotganini alohida urg‘ulagan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA