Eng yaxshi daromad ko‘zga tashlanmas biznesdan keladi (+video)
Ko‘pchilik tadbirkorlikni boshlashda trenddagi, ammo raqobat o‘ta yuqori bo‘lgan sohalarga intiladi. Vaholanki, eng barqaror daromad odatda ko‘zga yaqqol tashlanmaydigan, lekin boshqa barcha sohalarga zarur bo‘lgan bizneslarda bo‘ladi. Mana shunday yo‘nalishlardan biri — oddiy yashik va idishlar ishlab chiqarish. Daladagi mevadan tortib, do‘kondagi tayyor mahsulotgacha barchasiga xavfsiz transport va chiroyli ko‘rinish uchun qadoq kerak. Mavsumiy jarayonlarga qaramay, to‘g‘ri tashkil etilgan yashik ishlab chiqarish sexi yil davomida egasiga yuqori foyda keltirishi mumkin.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Namangan viloyatining Mingbuloq tumani Bozorboshi mahallasida yashik tayyorlash bilan shug‘ullanayotgan xonadonlar juda ko‘p. Ayollar, yoshlar va mahalliy aholi ushbu faoliyat orqali daromad topmoqda. Bitta yashikni tayyorlash uchun o‘rtacha 2 daqiqa vaqt ketadi. Har bir tayyor mahsulot uchun 500 so‘mdan haq to‘lanadi. Mahalla ayollari yaxshigina daromad oladi.
Mahalladagi tadbirkorlardan biri ikki yil avval Ijtimoiy reyestrda bo‘lgan. Hokim yordamchisi ko‘magida imtiyozli kredit olib, yangi uskunalar xarid qilgan. Natijada ishlab chiqarish hajmi oshib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilgan. Bugun yashikchilik Bozorboshi mahallasidagi ko‘plab oilalar uchun daromadli mehnat va bandlik imkoniyatiga aylanmoqda.
Mahalladagi ushbu faoliyat va uning ortidagi mehnat jarayonlarini quyidagi videolavhada ko‘rishingiz mumkin.
Gulnoza Boboyeva,
Anvarxo‘ja Ahmedov (montaj),
O‘zA