Eng sara dzyudochilar Toshkentda bellashmoqda
Poytaxtimizdagi ko‘p tarmoqli “Humo arena” muz saroyida dzyudo bo‘yicha Gran-pri turkumiga kiruvchi xalqaro turnir boshlandi.
D z yu d o
Poytaxtimizdagi ko‘p tarmoqli “Humo arena” muz saroyida dzyudo bo‘yicha Gran-pri turkumiga kiruvchi xalqaro turnir boshlandi.
O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Xalqaro dzyudo federatsiyasi va mamlakatimiz dzyudo federatsiyasi tomonidan tashkillashtirilgan mazkur turnirda dunyoning 71 mamlakatidan 500 ga yaqin mohir dzyudochi g‘oliblik bilan bir qatorda kelasi yili Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarining qimmatli reyting ochkolari uchun kurash olib boradi.
Toshkent Gran-prisi g‘oliblari 700 reyting ochkosini qo‘lga kiritadi. Kumush medal egalari 490, bronza medali bilan taqdirlangan dzyudochilar esa 350 ochkoga ega bo‘ladi. Shuningdek, 5-o‘ringa 252, 7-pog‘onadan joy olganlarga 182 ochko taqdim etiladi.
Uch kun davom etadigan mazkur musobaqada mamlakatimiz sharafini erkaklar o‘rtasida 28 dzyudochi himoya qilsa, xotin-qizlar o‘rtasida 20 sportchimiz medallar uchun o‘zaro bellashadi.
Gran-prining ilk kunida erkaklar -60 kg, -66 kg, ayollar -48 kg, -52 kg va -57 kg vazn toifalarida raqobatlashadi. Dastlabki kuni 19 polvonimiz ushbu vazn toifalarida g‘oliblik uchun gilamga chiqadi.