Energetikada yangi bosqich: “O‘zmetkombinat” Xitoyning ilg‘or BESS texnologiyalarini o‘rganmoqda
Bugun sanoatda barqaror ishlab chiqarish nafaqat quvvat, balki energiyani oqilona boshqarishga ham bog‘liq. Shu sababli, “O‘zmetkombinat” AJ energetika infratuzilmasini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish bo‘yicha izchil choralar ko‘rmoqda.
Xitoyga xizmat safari doirasida korxona delegatsiyasi energiya saqlash texnologiyalari bo‘yicha xalqaro tajribaga ega “Trina Storage” kompaniyasining ishlab chiqarish maydonida bo‘lib, zamonaviy BESS (Battery Energy Storage System) tizimlari bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida LFP akkumulyatorlari, BMS va EMS boshqaruv tizimlari, PCS uskunalari, sovitish hamda yong‘in xavfsizligi yechimlari o‘rganildi. Shuningdek, energiya iste’molidagi yuqori yuklamalarni boshqarish, tarmoqqa tushadigan bosimni kamaytirish va ishlab chiqarishni ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Alohida e’tibor “O‘zmetkombinat” ob’ektlaridan birida BESS tizimini joriy etish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirish istiqbollariga qaratildi. Tomonlar loyihaning texnik parametrlari, moliyalashtirish va uzoq muddatli hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.
Tanishuv yakunida tomonlar BESS texnologiyalarini “O‘zmetkombinat” AJ sharoitida qo‘llash, xususan, pilot loyihani amalga oshirish bo‘yicha galdagi rejalarni belgilab oldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA