Energetika sohasida yangi hamkorlik
Toshkent viloyatida energetika sohasida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev AQSHning Powerscape Global kompaniyasi asoschisi va bosh ijrochi direktori Karl Mur bilan uchrashdi.
Muloqot davomida investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, yangi sanoat loyihalarini amalga oshirish hamda energetika sohasida istiqbolli tashabbuslarni hayotga tatbiq etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Xususan, mahalliy ko‘mirni chuqur qayta ishlash orqali elektr energiyasi, o‘g‘it va yoqilg‘i ishlab chiqarish, shuningdek, mazkur jarayonlarga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ta’kidlanganidek, bunday loyihalar energetika resurslaridan oqilona foydalanish, mavjud xomashyoning qo‘shilgan qiymatini oshirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va sanoat salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv yakunida Toshkent viloyati hokimligi va Powerscape Global kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ma’lumot uchun, Powerscape Global kompaniyasi 2023-yilda AQSHda tashkil etilgan bo‘lib, ko‘mirni gazlashtirish texnologiyalari asosida elektr energiyasi, o‘g‘it ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo va boshqa sanoat mahsulotlarini olish yo‘nalishida faoliyat yuritadi.
A.Musayev,O‘zA