Energetika sohasida nazorat samaradorligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi
“O‘zenergoinspeksiya” boshlig‘i Ahadxon Isoqjonov rahbarligida energetika sohasida davlat nazoratini samarali tashkil etish va energiya resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga bag‘ishlangan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda ta’kidlanganidek, energiya resurslaridan samarali foydalanish, isrofgarchilik va noqonuniy iste’mol holatlarining oldini olish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir. Yig‘ilishda nazorat tadbirlarida qonuniylik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaning oldini olish hamda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik masalalari ko‘rib chiqildi.
Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishning oldini olish, iste’molchilar o‘rtasida energiya tejamkorligini targ‘ib qilish, profilaktik tadbirlar va energiya auditlarini samarali tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, energiya yo‘qotishlarini kamaytirish, elektr ta’minotidagi avariyaviy uzilishlar sabablarini chuqur tahlil qilish va ularni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi. Nazorat jarayonlariga raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlarini keng joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Gaz taqsimlash stansiyalari va avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarining texnik holati, suyultirilgan gaz hamda elektr energiyasidan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda hududiy boshqarmalar faoliyati ham tahlil qilinib, rahbar va mas’ul xodimlarga ijro intizomi hamda shaxsiy mas’uliyatni oshirish, aniqlangan muammolarni bartaraf etishni nazoratga olish vazifasi yuklatildi.
Tadbir yakunida hududiy boshqarmalar mas’ullarining hisobotlari tinglanib, energiya resurslaridan samarali foydalanish va davlat nazorati natijadorligini oshirishga qaratilgan choralar belgilab olindi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA