Endilikda sudyalar dastlab 5 yilga, keyin muddatsiz davrga tayinlanishi kutilmoqda
Sudyalarning maqomi alohida qonun darajasida belgilanmoqda. Parlament quyi palatasining majlisida ikkinchi o‘qishda muhokama qilingan “Sudyaning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ayni shu maqsadga qaratilgan.
Sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlash maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan sudya hamda xalq maslahatchilari uchun yosh senzi 35 yoshdan 30 yoshga tushirilmoqda. Shuningdek, sudyani dastlab 5 yilga, keyin esa muddatsiz davrga tayinlash tartibini joriy etish, sudya, sud raisi va rais o‘rinbosari lavozimlariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, loyihada sudyalar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish choralari bilan bog‘liq normalar aks etmoqda.
Qayd etilganidek, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida sudya faoliyatining asosiy prinsiplariga doir normalar qayta tizimlashtirildi. Xususan, sudyaning qaror qabul qilishda siyosiy qarashlardan va boshqa tashqi ta’sirlardan xoli bo‘lishi alohida prinsip sifatida mustahkamlab qo‘yildi. Sudyaning mustaqilligiga oid normalar esa tegishli moddada tizimli va yaxlit tarzda ifodalandi.
Bundan tashqari, loyiha bilan qonunchilikka yangi kirib kelayotgan iste’fodagi sudyaning maqomiga va uning faoliyati kafolatlariga oid normalar yanada aniqlashtirildi. Jumladan, iste’fodagi sudyaga guvohnoma berish, uni o‘z roziligi bilan sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatiga jalb etish, sudya sifatida ishlagan davrida odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bildirgan fikrlari va qabul qilgan qarorlari uchun daxlsizlik kafolatlarini saqlash, shuningdek, professional mediatorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi taqdim etilishiga oid masalalar aniq ifodalanmoqda.
Sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladigan harakatlar aniq mezonlar asosida qayta ifodalandi. Xususan, “qonuniylikni qo‘pol ravishda buzish” tushunchasining mazmuni ochib berilib, bunday holatni yuqori instansiya sudi tomonidan aniqlash va tegishli xususiy ajrimda qayd etish mexanizmi belgilandi.
Majlisda deputatlar ayrim normalar bo‘yicha savol va takliflarni o‘rtaga tashladilar. Sudyalarning maqomini alohida qonun darajasida belgilash sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, sudyalarning huquqiy va ijtimoiy himoyasini kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi.
Majlisda qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA