Ellikqal’ada yangi loyihalar bilan tanishildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani hokimi Valijon Niyozimbetov rahbarligida qator korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda aloqador mas’ullar ishtirokida hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan amaliy ishlar bilan yaqindan tanishildi.
Kun davomida tuman hududi bo‘ylab qishloq xo‘jaligi ob’ektlari, muqobil mashina-traktor parklari, fermer xo‘jaliklari va klasterlarda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Xususan, paxta maydonlarida g‘o‘zani parvarishlash, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, ekinlarni sug‘orish, zararkunandalarga qarshi kurashish, qator oralariga ishlov berish hamda takroriy ekinlarni parvarishlash jarayonlariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, 2026-yil paxta hosili yig‘im-terimiga tayyorgarlik, 2027-yil hosili uchun g‘alla ekiladigan maydonlarni tayyorlash, shudgorlash, lazerli tekislash va sho‘r yuvish ishlari bilan tanishildi.

Jumladan, “Saxtiyon” shaharcha fuqarolar yig‘inida “Umidbek Odilbek” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli limonariy faoliyati, chorvachilik sohasini rivojlantirish maqsadida barpo etilayotgan yengil konstruksiyali bino qurilishi ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, “Saribiy” ovul fuqarolar yig‘ini hududida davlatimiz rahbarining 2025-yil 27-yanvar kungi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash hamda aholi farovonligini ta’minlash uchun yangi imkoniyatlarni yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida tadbirkor tomonidan barpo etiladigan yangi zamonaviy bozor qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Mazkur bozorning ishga tushirilishi hudud aholisi uchun muhim qulaylik yaratadi.
Kun davomida fermerlar va tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, ularning taklif va muammolari tinglandi. Aniqlangan masalalarni hal etish, ishlarni samarali tashkil qilish hamda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Bunday amaliy tashriflar hududlarda amalga oshirilayotgan ishlarni jadallashtirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbir yakunida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida keng nishonlanadigan mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligini munosib kutib olish, tuman hududida obodonlashtirish va infratuzilmani yaxshilash ishlarini olib borish, mahallalarda ichki yo‘llarni ta’mirlash, kommunal tizimdagi mavjud muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, yangi tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish borasida vazifalar belgilandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri