Elit OCHL: 2-turdan so‘ng jadvaldagi vaziyat qanday?
Futbol bo‘yicha Elit Osiyo chempionlar ligasining umumiy bosqichi ikkinchi turi bahslari o‘z yakuniga yetdi. Ushbu turning so‘nggi kunida «Al-Sadd» — «Al-Hilol» hamda «Al-Ittihod» — «Shabob Al-Ahli» jamoalari o‘zaro raqobatlashdi.
Ushbu uchrashuvlarda «Shabab Al-Ahli» safarda «Al-Ittihod»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvda Serdar Azmun 7 va 16-daqiqalarda gol urib, dubl qayd etdi. Mezbonlarning yagona to‘pini Richard Rios 66-daqiqada kiritdi.
Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» jamoasi Qatarning «Al-Sadd» klubini safarda 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvda hisob 35-daqiqada ochildi. «Al-Hilol» yarim himoyachisi Muhammad Kanno jamoasini oldinga olib chiqdi. 65-daqiqada Ruben Nevesh ikkinchi golni kiritib, saudiyaliklar g‘alabasini mustahkamladi.
Shuningdek, mazkur turda O‘zbekistonning ikki klubi maydonga tushdi. Jumladan, «Paxtakor» Toshkentda Saudiya Arabistonining «Al-Qodisiya» jamoasini qabul qilib, 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida "Al-Nasr" va "Neftchi" o‘zaro to‘qnash keldi. Uchrashuv 3:1 hisobida mezbonlar foydasiga yakunlandi.

Turning boshqa uchrashuvlarida ham qiziqarli natijalar qayd etildi. Birlashgan Arab Amirliklarida «Al-Vasl» o‘z maydonida Saudiya Arabistonining «Al-Ahli» klubiga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Eronning «Traktor» jamoasi Qatarning «Al-Shamal» klubini qabul qildi. Mustahkam himoya va darvozabonlarning ishonchli harakatlari natijasida uchrashuvda hisob ochilmadi — 0:0.
Qatarning «Al-Garafa» jamoasi esa o‘z maydonida Eronning «Istiqlol» klubiga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Iroqning «Al-Quva Al-Javiya» va Birlashgan Arab Amirliklarining «Al-Ayn» jamoasi uchrashuvi 1:4 hisobida yakunlandi.

Shu tariqa, ikkinchi tur yakuniga ko‘ra «Al-Ayn», «Istiqlol», «Al-Hilol» va «Shabab Al-Ahli» jamoalari hisobidagi ochko 6 taga yetdi va ular gollar nisbatiga ko‘ra 1-4 pog‘onalarni band etdi.«Al-Ahli» va «Al-Qodisiya» 4 ochko bilan 5-6 o‘rinlarga joylashgan bo‘lsa, «Neftchi» hamda «Al-Nasr» kuchli sakkiztalikni yakunlab berdi. «Paxtakor», «Al-Shamal» bir xil - 2 ochko jamg‘arib 9-10, «Al-Ittihod», «Traktor» 1 ochko bilan 11-12 o‘rinlarda qayd etildi.
Shuningdek, o‘tgan ikki turda mag‘lub bo‘lgan «Al-Garafa», «Al-Vasl», «Al-Quva Al-Javiya», «Al-Sadd» klublari esa ochkosiz quyi pog‘onalarda qoldi.

Elit Osiyo chempionlar ligasi musobaqasining G‘arbiy mintaqasidagi 3-tur uchrashuvlari 26–27-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
Quyida ushbu o‘yinlar bilan tanishasiz:
26-oktabr, Toshkent vaqti bilan:
18:45 — «Neftchi» — «Al-Ittihod»;
21:00 — «Al-Ahli» — «Al-Garafa» va «Al-Ayn» — «Traktor»;
23:15 — «Al-Nasr» — «Al-Vasl», «Al-Qodisiya» — «Al-Sadd», «Al-Quva» — «Paxtakor», «Al-Ayn» — «Traktor»;
27-oktabr:
21:00 — «Shabab Al-Ahli» — «Istiqlol»
23:15 — «Al-Shamal» — «Al-Hilol»
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA