Elektrotexnika sanoati: Koreyada O‘zbekiston kadrlari shakllanmoqda
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi tashabbusi bilan Koreyaning "MetaOnTech" kompaniyasi, "Soongsil" va "Hoseo" universitetlari hamkorligida ikki oylik xalqaro malaka oshirish kursi tashkil etildi. Saralab olingan 20 nafar o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchi, muhandis va tadqiqotchi Koreyaga yetib keldi va ular uchun mashg‘ulotlar boshlandi.
Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasidagi biznes-forumda yarim o‘tkazgichlar va mikroelektronika sohasida hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgandi. Bu borada qo‘shma ilmiy tadqiqotlar hamda kadrlar tayyorlash hamkorlikning muhim yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatildi. Ushbu yo‘nalishda natijaga erishish uchun mutaxassislar tayyorlash muhim. Koreyada mashg‘ulotlarni boshlagan ishtirokchilar integral sxemalarni loyihalash va yarimo‘tkazgich mahsulotlarini yig‘ish, qadoqlash hamda sinovdan o‘tkazish bo‘yicha bilim olmoqda.
Aytish kerakki, Koreya yarimo‘tkazgichlar va elektronika sohasida ta’lim, tadqiqot va ishlab chiqarish tajribasini birlashtirgan mamlakatlardan biri. Shu bois hamkorlik dasturi uchun aynan shu yerdagi universitetlar va soha kompaniyasi tanlandi. O‘quv jarayonida olingan bilimlarni keyinchalik O‘zbekiston ta’limi va sanoatiga tatbiq etilishi rejalashtirilmoqda.
– “O‘zeltexsanoat” uyushmasi tashabbusi bilan “MetaOnTech”, “Soongsil” va “Hoseo” universitetlari hamkorligida tuzilgan kelishuvga asosan tashkil etilgan kurs ikki oy davom etadi, – deydi “MetaOnTech” kompaniyasi bosh direktori Kong Day Bong. – Kurs tinglovchilari “IC Design” integral sxemalarni loyihalash va “APT” yig‘ish, qadoqlash hamda sinovdan o‘tkazish yo‘nalishlarida o‘qiydi. Dastur dastlabki kadrlar bazasini shakllantirishga qaratilgan. Professor-o‘qituvchilar olgan bilimlarini kelgusida talabalarga yetkazishi, muhandis va tadqiqotchilar esa ularni kelgusida amaliy ishlanmalarda qo‘llashi ko‘zda tutilmoqda.
Ishtirokchilarning “Fabless” kompaniyalari ish uslubi bilan tanishishi soha bo‘yicha keyingi amaliy muloqotlarga zamin yaratishi mumkin. Dastur natijalari haqida o‘qish yakunlangach xulosa qilish mumkin bo‘ladi. Hozirgi asosiy vazifa — mashg‘ulotlarda olingan bilimlarni qayd etish, ularni o‘zbekistonlik talabalar va muhandislarga yetkazish usullarini tayyorlash.
Albatta, bu loyiha ishning boshlanishi, hali yana 100 nafar mutaxassis Koreyaning turli hududlaridagi ta’lim muassasalari va “Fabless” kompaniyalarida malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA