Elektr uzilishlarining oldini olishga qaratilgan ishlar kuchaydi
Mirzaobod tumanida kuz-qish mavsumida elektr ta’minotidagi uzilishlarning oldini olish maqsadida 111 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 36 ta transformator punkti mukammal ta’mirlandi. Yana 180 kilometr elektr tarmog‘i hamda 79 ta transformator punkti joriy ta’mirdan chiqarildi.
Elektr energiyasiga ehtiyoj ortib borayotgan bugungi sharoitda tarmoqlarning mavsumiy yuklamalarga tayyorligi muhim masalalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, yozning chillasi va qishning sovuq kunlarida iste’molning ortishi elektr uzatish liniyalari hamda transformator punktlariga tushadigan yuklamani sezilarli darajada oshiradi. Bunday sharoitda tarmoqlarning texnik holati elektr ta’minoti barqarorligida muhim ahamiyat kasb etadi.

— To‘g‘risini aytganda, aholini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashda ayrim muammolar mavjud. Bu, ayniqsa, avvalgi yillarda yozning chillasi va qish mavsumida yaqqol sezilgan. Chunki bu davrlarda bahor va kuz oylariga nisbatan elektr energiyasiga talab ancha ortadi. Natijada mavjud transformator punktlari va elektr uzatish liniyalariga tushadigan yuklama ham ko‘payadi. Bu esa ayrim holatlarda avariyaviy uzilishlarga sabab bo‘ladi. Shuning uchun bugun asosiy e’tiborni muammo yuzaga kelganidan keyin bartaraf etishga emas, balki uning oldini olishga qaratyapmiz. Aholini, ayniqsa, yozning issiq kunlari va qish mavsumida barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun tarmoqlar va transformator punktlarini ta’mirlash, ularning texnik holatini yaxshilash ishlari olib borilmoqda. Bu orqali mavsumiy yuklamalarga tayyorgarlik ko‘rib, avariyaviy holatlar xavfini kamaytirishni maqsad qilganmiz. O‘ylaymanki, amalga oshirilayotgan ishlar o‘tgan yillarda kuzatilgan noxush holatlarning oldini olish va elektr ta’minoti ishonchliligini oshirishda o‘z samarasini beradi, — deydi Mirzaobod tuman elektr ta’minoti boshlig‘i Oybek Abdurahmonov.

Darhaqiqat, mavsumga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilgan ishlar salmog‘i ancha katta. Jumladan, 0,4–10 kVli elektr uzatish tarmoqlarining 111 kilometrida mukammal ta’mirlash ishlari bajarilib, 36 ta transformator punktining texnik holati yaxshilandi. Shu bilan birga, 180 kilometr elektr tarmog‘i va 79 ta transformator punkti joriy ta’mirdan o‘tkazildi.

Bu ishlar ortida oddiy raqamlar emas, balki minglab xonadonlar, ijtimoiy soha ob’ektlari va tadbirkorlik sub’ektlarining barqaror elektr ta’minoti masalasi turibdi. Tarmoqlarni oldindan ta’mirlash esa elektr energiyasiga talab yuqori bo‘ladigan davrda tizimga tushadigan yuklamani barqaror boshqarish imkonini beradi.

Eng muhimi, bugun amalga oshirilayotgan ishlar faqat kuz-qish mavsumi bilan cheklanib qolmaydi. Elektr tarmoqlari va transformator punktlarini bosqichma-bosqich ta’mirlash ularning xizmat muddatini uzaytirish, texnik holatini yaxshilash va kelgusidagi yuklamalarga tayyorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Zero, elektr ta’minotida barqarorlik — bu faqat chiroqning o‘chmasligi emas. Bu xonadondagi osoyishtalik, korxonadagi uzluksiz ish jarayoni, ijtimoiy ob’ektlarning bir maromda faoliyat yuritishi demakdir. Mirzaobodda tarmoqlarni kuz-qish mavsumiga tayyorlashga qaratilgan ishlar ana shu barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri