Javlon Vahobov: "Tinçlik siyosiy iroda va diplomatik muloqotni talab qiladi"
Xabar berilganidek, Iordaniya Podşohi Abdulloh II ning “Sönggi eng yaxşi imkoniyatimiz: tahlika davrida tinçlikka intiliş” nomli kitobi özbek tilida naşr etilişi munosabati bilan Markaziy Osiyo xalqaro institutida (MOXI) davra suhbati ötkazildi.
Tadbirda kitobda ilgari surilgan ğoyalar, Yaqin Şarqdagi vaziyat, mintaqaviy xavfsizlik hamda Özbekiston – Iordaniya hamkorligi istiqbollari muhokama qilindi. Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov Podşoh Abdulloh II ning tinçlik, diplomatiya va mintaqaviy hamkorlikka oid qaraşlari yuzasidan öz fikrlarini bildirdi.
– Yaqin Şarqdagi vaziyat, mintaqaviy xavfsizlik bilan boğliq muammolar va xalqaro munosabatlardagi özgarişlar Podşoh Abdulloh II ning kitobida kötarilgan masalalarga yanada dolzarblik bağişlaydi, – dedi J.Vahobov. – Asarda tinçlikka erişiş, mojarolarni hal etiş va davlatlar örtasidagi munosabatlarni mustahkamlaş borasidagi qaraşlar bayon etilgan.
Qayd etilişiça, kitobning “Our Last Best Chance” – “Sönggi eng yaxşi imkoniyatimiz” deb nomlanişi ham mintaqa kelajagi uçun yuksak masʼuliyatni anglatadi. Muallif tinçlikka erişişda öz vaqtida qabul qilingan siyosiy qarorlar, izçil diplomatiya va mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalaniş muhimligini taʼkidlaydi. Bu, ayniqsa, bugungi murakkab şaroitda mintaqada barqarorlikni taʼminlaş yöllarini izlaşda alohida ahamiyatga ega.

– Asarda Falastin – Isroil mojarosiga alohida eʼtibor qaratilgan. Podşohning bu masaladagi yondaşuvi va Özbekiston pozitsiyasi örtasida qanday muştaraklik bor?
– Falastin masalasi kitobning asosiy mavzularidan biri hisoblanadi. Podşoh Abdulloh II bu mojaroni hal etiş uçun Falastin xalqining qonuniy huquqlarini tan oliş, Isroil xavfsizligini taʼminlaş va tomonlarni murosaga tayyor bölişga çaqiriş zarurligini taʼkidlaydi.
Fikrimça, bu yerda eng muhim jihat – ikki davlat tamoyiliga asoslangan yeçimdir. Yaʼni, Isroil va mustaqil Falastin davlati tinçlik va xavfsizlikda yonma-yon yaşaşi kerak. Özbekiston ham Falastin masalasini BMT rezolyutsiyalari va xalqaro miqyosda tan olingan ikki davlat tamoyili asosida adolatli hal etişni qöllab-quvvatlaydi.
– Iordaniya murakkab geosiyosiy muhitda joylaşgan. Mamlakatning taşqi siyosat va mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlaş borasidagi tajribasidan qanday xulosalar çiqariş mumkin?
– Iordaniya köp yillardan buyon mintaqaviy inqirozlar oqibatlari bilan yaşab kelmoqda. Podşoh Abdulloh II bu holatni “murakkab qöşnilar orasida yaşaş” degan qisqa ibora bilan ifodalaydi. Bu sözlar ortida Yaqin Şarqdagi geosiyosiy voqelik va bir davlat xavfsizligi atrofidagi jarayonlar bilan uzviy boğliq ekanini anglaş yotadi.
Iordaniya taşqi siyosatida prinsiplarga sodiqlik va pragmatizm uyğunlaşgan. Mamlakat xalqaro va mintaqaviy şeriklar bilan konstruktiv munosabatlarni saqlaş, muloqot kanallarini oçiq qoldiriş, kelişmovçiliklar hamkorlik imkoniyatlarini çeklab qöymasligiga intiladi. Bunday yondaşuv murakkab mintaqaviy vaziyatda keskinlaşuvning oldini oliş va milliy manfaatlarni himoya qilişda muhim ahamiyat kasb etadi.
– Iordaniyaning “Aqaba jarayoni” taşabbusi Markaziy Osiyo bilan hamkorlikda qanday örin tutadi?
– Podşoh Abdulloh II tomonidan 2015-yilda boşlangan “Aqaba jarayoni” terrorizm va ekstremizmga qarşi xalqaro hamkorlikni kuçaytirişga qaratilgan. 2026-yil 6-noyabr kuni Ostonada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining mazkur jarayon doirasida uçraşuvi bölib ötgani Iordaniya va Markaziy Osiyo örtasidagi hamkorlik, şuningdek, Özbekiston – Iordaniya munosabatlarida xavfsizlik yönalişining rivojlanişi uçun muhim bosqiç böldi.
Mazkur taşabbuslar xavfsizlik masalalarini muhokama qiliş, tajriba almaşiş va mintaqaviy tahdidlarga qarşi hamkorlikda harakat qiliş imkonini beradi.
– Markaziy Osiyo davlatlari, Iordaniya va Fors körfazi mamlakatlari örtasida hamkorlikni kengaytirişning qanday istiqbollari bor?
– Markaziy Osiyo bugun özaro hurmat, kelişuv, manfaatlarni hisobga oliş va amaliy taşabbuslarga asoslangan hamkorlik modelini şakllantirmoqda. Bu yondaşuv mintaqaviy aloqalarni mustahkamlaş bilan birga, boşqa hududlar bilan şeriklikni rivojlantirişga ham xizmat qiladi.
2023-yil iyul oyida Jiddada Markaziy Osiyo va Fors körfazi arab davlatlari hamkorlik kengaşi rahbarlarining birinçi sammiti ötkazildi. Uşbu uçraşuv mintaqalar örtasidagi hamkorlikni kengaytiriş, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantiriş va uzoq muddatli iqtisodiy loyihalarni amalga oşiriş uçun siyosiy asos yaratdi.
Iordaniya va boşqa mintaqaviy şeriklarning salohiyatidan foydalaniş Markaziy Osiyoning Yaqin Şarq bilan aloqalarini yanada kengaytirişi, iqtisodiy hamkorlik va qöşma taşabbuslar uçun yangi imkoniyatlar oçişi mumkin.
– Podşoh Abdulloh II diniy bağrikenglik, möʼtadillik va ekstremizmga qarşi kuraş masalalarini ham kötaradi. Bu yönalişda Iordaniya tajribasi nimasi bilan ahamiyatli?
– Iordaniya tajribasining muhim jihati şundaki, ekstremizmga qarşi kuraş faqat xavfsizlik çoralari bilan çeklanmaydi. Bunda möʼtadillik ğoyalarini ilgari suriş, dinlararo hamjihatlikni taʼminlaş, maʼrifat va jamiyatda barqaror ijtimoiy qadriyatlarni mustahkamlaşga ham alohida ahamiyat beriladi. Podşoh Abdulloh II ning kitobida ham bu masalalar muhim örin tutadi.
Bu borada Özbekiston va Iordaniya yondaşuvlari örtasida muştarak jihatlar bor. Prezident Şavkat Mirziyoyev “Aqaba jarayoni” doirasidagi uçraşuvda bugungi tahdidlarga qarşi kuraşişda texnologik yeçimlar va huquqni muhofaza qiluvçi organlar faoliyatining özi yetarli emasligini, taʼlim, maʼrifat va inson salohiyatini rivojlantiriş sohalarida ham tizimli iş olib boriş zarurligini taʼkidladi.
Dilşod HAKIMOV,
Oybek PARDAYEV (Surat),
ÖzA