Ekologik barqaror urbanizatsiya ko‘lamini kengaytirish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Parlament komissiyasi hamraisi, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshqargan majlisda Barqaror rivojlanish sohasidagi 11-milliy maqsadning 3-vazifasi doirasida ekologik barqaror urbanizatsiya ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Mamlakatimizda aholi yashash sharoitlarini yanada yaxshilash, qulay infratuzilma yaratish davlat siyosatida muhim o‘rin tutayotgani qayd etildi. Xususan, urbanizatsiya jarayonlarini samarali boshqarish, uy-joy sohasini izchil rivojlantirish va shaharsozlik samaradorligini oshirish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

Aholini munosib va arzon uy-joy bilan ta’minlash maqsadida qurilish sohasida tadbirkorlik sub’ektlari uchun qator yengilliklar, imtiyozlar va preferensiyalar joriy etildi. Natijada qurilishga ruxsat berish bosqichlari uch barobar, muddatlari esa to‘rt barobar qisqartirildi. Shuningdek, 420 shaharsozlik norma va qoidalari qayta ko‘rib chiqilib, ular asosida 140 yangi shaharsozlik normativ hujjati tasdiqlangan.
Yaratilgan qulay shart-sharoitlar tufayli so‘nggi to‘qqiz yilda qariyb 10 mingta yangi qurilish korxonalari faoliyat boshladi. Yillik uy-joy qurilishi hajmi esa 10 baravarga oshib, 2025-yilda 238 mingta xonadonga yetdi. Shuningdek, respublika bo‘ylab “Yangi O‘zbekiston” massivlari loyihasi doirasida 61 yangi turar joy massivi barpo etildi.

Ayni paytda tadbirkorlik sub’ektlari uchun har yili 6,5 ming gektar yer maydoni va 600 ming kvadrat metr bino-inshootlar savdoga chiqarilmoqda. Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 140 trillion so‘m miqdorida resurslar ajratildi. Buning natijasida qurilish, qurilish materiallari sanoati va unga turdosh tarmoqlarda 3,5 million fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Olib borilgan islohotlar natijasida mamlakatning urbanizatsiya darajasi 51 foizga yetdi.
Majlis davomida ekologik barqaror urbanizatsiya ko‘lamini kengaytirish yuzasidan Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida amalga oshirilgan ishlar hamda o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi besh yilda doimiy aholi soni Namangan viloyatida 11,4 foizga, Andijon viloyatida 10,5 foizga va Farg‘ona viloyatida 8,4 foizga oshgan.
Keyingi to‘rt yilda ushbu viloyatlarda uy-joy qurilishi hajmi qariyb 2,5 barobarga oshdi. Shu davr mobaynida byudjet mablag‘lari hisobidan 26 ming fuqaroga 4,21 trillion so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratildi.
Hududiy investitsiya dasturlari doirasida mazkur uch viloyatda umumiy qiymati 123,9 trillion so‘m bo‘lgan 9,16 mingta sanoat loyihasi amalga oshirilib, 237,6 mingta yangi ish o‘rni yaratildi.
Aholini ekologik toza va barqaror energiya manbalari bilan ta’minlash maqsadida Andijon viloyatida 144 MVt, Namangan viloyatida 133,6 MVt va Farg‘ona viloyatida 27,4 MVt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatildi.
Yashil hududlar ko‘lamini kengaytirish maqsadida “Mening bog‘im” loyihasi doirasida 2024 - 2025-yillarda Farg‘ona viloyatida 36, Namangan viloyatida 24 va Andijon viloyatida 23 “yashil bog‘” hamda “yashil jamoat parki” tashkil etildi.
Natijada urbanizatsiya darajasi Namangan viloyatida 64,9 foizga, Farg‘ona viloyatida 56,7 foizga va Andijon viloyatida 52,2 foizga yetdi.
Muhokama davomida saqlanib qolayotgan ayrim tizimli muammolarga ham e’tibor qaratildi. Xususan, shaharsozlik hujjatlarini to‘liq ishlab chiqish, aholi uchun xavfsiz va inklyuziv shahar muhitini shakllantirish, piyodalar va velosipedchilar infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘l harakatini tashkil etishda zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish, shuningdek, sanoat taraqqiyoti va ekologik barqarorlik o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash dolzarb vazifalar sifatida belgilandi.
Majlis yakunida Parlament komissiyasining tegishli qarori hamda chora-tadbirlar rejasi (“yo‘l xaritasi”) qabul qilindi.
Mutasaddi vazirlik va idoralar zimmasiga belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuklatildi.
N.Abduraimova, O‘zA