O‘zbekiston va Germaniya ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlaydi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 17-18-iyun kunlari Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer rafiqasi hamrohligida rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Qayd etish kerak, ikki kunlik tashrif dasturi sermazmun bo‘ldi. Tashrifning birinchi kuni O‘zbekiston va Germaniya davlat rahbarlarining tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bir qator yangi qo‘shma loyiha va dasturlar ishga tushirildi.
Davlatlar rahbarlari o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilib, ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilishlarini tasdiqladilar. Ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda shaharlarni barqaror rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni bajarish uchun grant mablag‘lari ajratish va imtiyozli moliyalashtirishni nazarda tutuvchi moliyaviy hamkorlik sohasidagi kelishuvlar imzolandi.
Oliy martabali mehmon 18-iyun kuni Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi tarixiy va zamonaviy ilm-fanni uyg‘unlashtirgan, qo‘lyozma manbalarni raqamli texnologiyalar asosida o‘rganishga xizmat qiluvchi yirik xalqaro ilmiy-madaniy majmuadir.
Milliy me’morchilik an’analari va zamonaviy dizayn yondashuvlari uyg‘unligida bunyod etilgan markazning gumbazlari, peshtoqlari hamda nafis naqsh bezaklari uning betakror me’moriy qiyofasini namoyon etadi.
Oliy martabali mehmonga xalqimiz tarixiy taraqqiyotining muhim bosqichlarini yorituvchi “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “O‘zbekiston XX asrda” hamda “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans” bo‘limlari batafsil tanishtirildi. Ushbu ekspozitsiyalarda mazkur davrlar tarixi noyob ashyolar, qo‘lyozma manbalar, fotomateriallar va zamonaviy multimedia vositalari orqali yoritilgan.
Delegatsiya vakillari Qur’oni karim zalida bo‘lib, islom olamining eng nodir yodgorliklaridan bo‘lgan qadimiy Usmon Mushafi bilan tanishdi. Ushbu noyob manba o‘zining ulkan tarixiy va madaniy ahamiyati bilan tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldiradi.
Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer davlatlararo madaniy muloqot va ma’naviy yaqinlikni mustahkamlab, global sharoitda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishda Islom sivilizatsiyasi markazining o‘rni beqiyos ekanligini ta’kidladi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston va Germaniya Federativ Respublikasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi. Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotlar ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikka yangi sur’at bag‘ishlamoqda.
Bugun O‘zbekiston va Germaniya iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatga ega ekani amaliy loyihalarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Germaniya o‘zining ilg‘or texnologiyalari va yuqori sifatli sanoat uskunalari bilan mamlakatimiz uchun eng ishonchli hamkorlardan biriga aylandi. Yurtimizda nemis kapitali va yuqori texnologiyalari ishtirokida amalga oshirilayotgan yirik tashabbuslar iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilishga xizmat qilyapti.
Toshkent shahrida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan “Papenburg Uzbekistan” qo‘shma korxonasi ana shunday yuqori texnologik hamkorlikning yorqin namunasidir.
Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer mazkur qo‘shma korxonada ham bo‘ldi.
Germaniyaning yetakchi texnologiyalari va milliy yo‘l qurilishi an’analari asosida tashkil etilgan ushbu korxona infratuzilmaviy taraqqiyot yo‘nalishida samarali faoliyat olib bormoqda. Ikki davlat rahbarlarining muhim kelishuvlari hamda O‘zbekiston Hukumatining tegishli qarori ijrosi doirasida 2021-yilda ish boshlagan mazkur sub’ekt qisqa muddatda milliy yo‘l infratuzilmasini xalqaro standartlar darajasida yangilashning muhim drayverlaridan biriga aylandi.
Loyihani keng ko‘lamda amalga oshirish, zamonaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida poytaxtimizning Bektemir tumanidan 8 gektardan ortiq yer maydoni ajratilgan. Korxonaning qisqa fursatda to‘liq quvvat bilan ishga tushishi va yuqori samaradorlikka erishishida O‘zbekistondagi qulay tadbirkorlik muhiti, byurokratik to‘siqlarning yo‘qligi hamda qonunchilik darajasidagi kafolatlar muhim poydevor bo‘ldi.
Ushbu loyiha nafaqat iqtisodiy, balki katta ijtimoiy ahamiyatga ham ega. Bugungi kunda korxonada faoliyat yuritayotgan yuqori malakali ishchi va mutaxassislarning asosiy qismini mahalliy yoshlar tashkil etadi. Ular nemis muhandislaridan zamonaviy texnologiyalarni boshqarish sirlarini o‘rganib, yurtimizda yo‘l qurilishi sohasining yangi avlod kadrlari bo‘lib yetishmoqda.
Ikki tomonlama sheriklik ko‘lamining bunday kengayishi nafaqat sanoat va infratuzilma, balki mehnat migratsiyasi va professional ta’lim yo‘nalishida ham yangi istiqbollarni ochmoqda. Shu bois, tashrif davomida Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi hamda Germaniyaning mas’ul tashkilotlari hamkorligida amalga oshirilayotgan maqsadli loyihalar haqida ma’lumot berildi. Bu jarayonda yoshlarni ish bilan ta’minlash va ularning kasbiy mahoratini oshirish masalasiga alohida urg‘u berildi.
Mazkur loyihalar o‘zbekistonlik yoshlarga nemis tili va xalqaro kasbiy standartlarni puxta o‘rgatish orqali ularning Germaniyadagi yetakchi sanoat, qurilish, tibbiyot, transport va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida qonuniy hamda xavfsiz mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan. Bu esa mamlakatimizda yoshlar bandligini ta’minlash va ularning jahon mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Oliy martabali mehmon ikki davlat o‘rtasidagi mehnat migratsiyasi sohasidagi tizimli tashabbuslar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlariga alohida qiziqish bildirdi.
Bugungi kunda Germaniyaning 38 ta yirik sherik-ish beruvchi tashkiloti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri izchil aloqalar o‘rnatilgan. Aynan shu hamkorlik natijasida nemis mehnat bozorida o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun 73 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni taklif qilingan bo‘lib, hozirgi kungacha ushbu yo‘nalishda 5 ming 500 nafar fuqaro germaniyalik ish beruvchilarga biriktirildi.
Tashrif doirasida ayniqsa tibbiyot va sog‘liqni saqlash yo‘nalishidagi qo‘shma loyihalar alohida e’tirof etildi.
Germaniya Prezidenti nemis tili va kasb-hunar sirlarini o‘rganib, Germaniyaga ishga ketishga tayyorgarlik ko‘rayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan samimiy muloqot qildi. Yoshlarning bilimga bo‘lgan intilishi va nemis tilini mukammal egallagani yuqori baholandi.
Shu bilan Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerning O‘zbekistonga tashrifi yakunlandi.
I.AVVALBOEV,
M.HOJIAKBAROVA,
B.XUDOYBERDIEV,
O‘zA muxbirlari