Dzyudochilarimizning navbatdagi muvaffaqiyatlari
Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida dzyudo bo‘yicha "Katta dubulg‘a" turkumiga kiruvchi “Dushanbe Grand Slam – 2025” xalqaro turnirida O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Vazni 52 kilogrammgacha bo‘lgan dzyudochi qizlar orasida hamyurtimiz Muhayyo Ahmatova finalga qadar o‘tgan bahslarda zafar quchib, kumush medaliga sazovor bo‘ldi. Darvoqe, bu dzyudochi qizimizning IJF musobaqalaridagi birinchi medalidir. Shuningdek, o‘z vazn toifalarida Artyom Shturbabin, Hojiakbar Toshev, Murodjon Yo‘ldoshev va O‘tkirbek To‘raboyev bronza medaliga ega chiqdi.

“Dushanbe Grand Slam – 2025” xalqaro turniri yakuniga ko‘ra, Tojikiston terma jamoasi 4 tadan oltin va bronza hamda 3 ta kumush medal bilan umumjamoa hisobida birinchi bo‘ldi. Ozarbayjon termasi esa 2 tadan oltin va kumush medal jamg‘arib, ikkinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, fransiyalik dzyudochilar 2 ta oltin, 1 ta kumush va 4 bronza medalni qo‘lga kiritgan holda kuchli uchlikdan joy oldi.

O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta kumush, 4 ta bronza, 5 ta beshinchi va 5 ta yettinchi o‘rin natija qayd etib, musobaqaning eng kuchli o‘ninchi jamoasiga aylandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA