Dzyudochilarimiz aralash jamoaviy yo‘nalishda jahon chempionati sovrindori
Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatining sakkizinchi kunida aralash jamoaviy bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.
18 ta milliy terma jamoa ishtirokida o‘tgan aralash jamoaviy chempionat bellashuvlarida Muzaffarbek To‘raboyev, Shukurjon Aminova, Shahram Ahadov, Shirinjon Yo‘ldosheva, Umar Bozorov, Umida Nig‘matovadan iborat O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ilk davrada Germaniyaga qarshi bahs olib boradi.

Shiddatli kechgan bellashuvda Muzaffarbek To‘raboyev (+100), Shukurjon Aminova (-57), Shahram Ahadov (-73) va Umida Nig‘matova (+70) terma jamoamizga g‘alaba taqdim etishi ortidan nemislarni 4:2 hisobida dog‘da qoldirgan hamyurtlarimiz Italiyani 4:1 hisobida yenggan Gruziya terma jamoasi bilan 1/8 finalda ro‘baro‘ keldi.

Aralash jamoaviy chempionatning eng kuchli tarkibi hisoblangan Gruziya terma jamoasi bilan kechgan qarama-qarshilikda avvaliga hisob 3:3 ko‘rinish oldi.
Tashlangan qur’a natijasida Umida Nig‘matova gruziyalik raqibi bilan hal qiluvchi bahsda tatamiga chiqdi va o‘z shiddatini namoyish etib, terma jamoamizni 1/2 final sari boshlashga muvaffaq bo‘ldi.

Jahon chempionatining final yo‘llanmasi uchun Fransiya terma jamoasini dog‘da qoldirgan Rossiya terma jamoasiga qarshi kechgan o‘ta murosasiz kurash taqdirini qur’a aniqlagan qo‘shimcha bellashuv hal qildi.
Asosiy bahsda tomonlar 3:3 hisobidagi jangovar durang qayd etgan bo‘lsa, qo‘shimcha bellashuvda Umida Nig‘matova jarohati sabab rossiyalik dzyudochi qizga imkoniyatni boy berdi va hamyurtlarimiz Mo‘g‘uliston terma jamoasi bilan bronza medali yo‘lida bellashish huquqini saqlab qoldi.
Bronza medali uchun bahsda terma jamoamiz a’zolari mo‘g‘ulistonlik dzyudochilarni 4:2 hisobida taslim etdi va haqli ravishda jahon chempionatining bronza medallariga ega chiqdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA