Dzyudo: Diyora Keldiyorova Sloveniyada
Shu kunlarda "Parij-2024" yozgi Olimpiya o‘yinlari chempioni Diyora Keldiyorova Sloveniyaning Izola shahrida o‘tayotgan joriy yildagi ilk xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etmoqda.
Dunyoning turli burchaklaridan jam bo‘lgan eng kuchli dzyudochilar ishtirokida o‘tayotgan ushbu yig‘in dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi yetakchisi uchun mavsumdagi asosiy xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikning muhim bosqichlaridan biri sanaladi.
Aytish lozim, mamlakatimiz dzyudochilari joriy yil sentabr oyida Yaponiyada o‘tkaziladigan Osiyo o‘yinlari hamda Boku shahri mezbonlik qiladigan Jahon chempionatida Vatanimiz sharafini himoya qiladi.

Jahon dzyudosining professionallari bilan xalqaro yig‘inda qatnashayotgan Diyora Keldiyorovaning aynan qaysi musobaqada ishtirok etishi hozircha noma’lum.
Eslatib o‘tamiz, ikki yil muqaddam yakunlangan Parij Olimpiadasidan keyin farzand tarbiyasi bilan band bo‘lgan Keldiyorova rasmiy musobaqalarda hali ishtirok etmadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA